O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 12 yanvar kuni “Global Janub ovozi” sammitining yalpi majlisida ishtirok etadi.

Hindiston raisligida onlayn shaklda o‘tkaziladigan tadbirda Bangladesh, Vetnam, Kambodja, Mo‘g‘uliston, Birlashgan Arab Amirliklari, Tailand va boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari ham qatnashadi. Jami 120 ta mamlakat delegatsiyalari taklif qilingan.

Hindistonning “Katta yigirmatalik”dagi raisligi doirasida o‘tkazilayotgan sammitning maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish va dolzarb muammolarini hal etish yo‘lida, shu jumladan iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashish va aniq takliflarni ishlab chiqishdan iborat.