Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni Xalqaro kongress markazida “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!” mavzusidagi zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir, degan edi Shavkat Mirziyoyev. Shuning uchun bu sohaning barcha bosqichlari tubdan isloh qilinib, kompleks rivojlantirilmoqda. Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish aynan ta’lim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Bunga mutanosib ravishda 2023 yilga – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili, deb nom berildi.

Ta’lim sifatini oshirish, bolalarni o‘qishga qiziqtirishning muhim omili, birinchi navbatda, yaxshi darslik. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 29 apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida o‘qitish metodikasini takomillashtirish vazifalari belgilangan edi. Shunga muvofiq, o‘tgan uch yil davomida darsliklarni yangilash bo‘yicha ish olib borildi. Maxsus ishchi guruh tomonidan ilg‘or xorijiy metodika asosida 1-4-sinf kitoblari yangidan tayyorlandi.

Ko‘rgazmada davlatimiz rahbariga ushbu darsliklar mazmuni haqida ma’lumot berildi. Ular XXI asr kishisi uchun eng zarur bo‘lgan “4K” ko‘nikmasi bo‘yicha ishlab chiqilgan (kritik fikrlash, kreativlik, kollaboratsiya, kommunikatsiya). Ya’ni, bu o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Yangi darsliklarni tayyorlashda PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA kabi xalqaro dasturlardagi namunaviy vazifalar asos qilib olingan. Darslik bilan birga mashg‘ulot daftarlari, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar ham chop etilgan. Shuningdek, bu tizimga Estudy elektron ta’lim platformasi integratsiya qilingan. Undan dars paytida ham, bo‘sh vaqtda ham foydalanish mumkin.

E’tiborlisi, taqdim etilgan darsliklarning bir qismi, xususan, tasviriy san’at, o‘zbek tili va musiqiy savodxonlik bo‘yicha kitoblar kengaytirilgan reallik texnologiyalaridan  foydalanilgan holda ishlab chiqilgan. Bu o‘quvchilarni fanga yanada ko‘proq qiziqtirish hamda bugungi o‘smirlar hayotida muhim bo‘lgan gadjetlarni  foydali vositaga aylantirish maqsadida ishlab chiqilgan. Kengaytirilgan reallik ilovasi  1 marta yuklab olinadi va oflayn rejimida ishlaydi.

Prezident yangi darsliklar bilan tanishib, ularning mazmuni yuzasidan tavsiyalar berdi.

– Dunyo pedagoglari tajribasidan foydalangan yaxshi. Shu bilan birga, darsliklarda milliy g‘oya, ajdodlarimiz merosi ham bo‘lishi kerak. Masalan, jadid bobolarimiz ta’lim bo‘yicha qancha ishlar qilgan. Yaqinda Elbek domlani o‘qidim. «Qiz bolani o‘qitgan davlat butun jamiyatni o‘qitgan bo‘ladi» deb yozgan ekan. Bizning darsliklarimizda bunday gaplar yo‘q-ku. Nima demoqchiman? Yangi darsliklarni shunday mukammal tayyorlash kerakki, keyinchalik bunga yana qaytmaylik. bugungi ta’lim qirq yildan keyin biz haqimizda so‘zlaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Darsliklarni amalda tatbiq qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Mazkur yangi darsliklar xalqaro ekspertizadan o‘tkazilib, poytaxtimizdagi 134-maktabda sinab ko‘rildi. Birlamchi natijalarga ko‘ra, ular asosida o‘qitilgan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi 88 foizni tashkil etdi. Amaldagi dastur bo‘yicha esa bu 67 foiz, xolos. Ko‘rgazmada mazkur darslik sinovdan o‘tkazilgan boshlang‘ich sinf darsi namoyish etildi. Bu maktabda inklyuziv ta’lim tizimi asosida alohida ehtiyoji bor o‘quvchilar ham barcha bolalar bilan birga saboq olmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘qituvchi va bolalar bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz ta’lim ko‘rgazmasi doirasida bir guruh maktab o‘qituvchilari bilan uchrashdi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq yurtimizdagi muammolardan biri sifatida kadrlar masalasini ko‘rsatgan edi. So‘nggi yillarda qaysi sohada islohotlar, ulkan loyihalar bo‘lmasin, albatta, unga mos mutaxassislar tayyorlash ham kun tartibiga chiqadi.

– Hamma sa’y-harakatlarimiz tagida ta’lim bor. Qaysi hududga borsam, yoshlar bilan, katta-katta korxonalardagi ishchilar bilan suhbatlashaman. Ulardan «Sizni nima qiynaydi» deb so‘rasam, bilim yetishmasligini aytadi. Rivojlangan davlatlar bugungi iqtisodiyotiga qanday erishgan? Bilim evaziga! Shuning uchun avvalboshdan ta’limni yaxshilashga harakat qilyapmiz. 2023 yilga – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili, deb nom berdik. Endi maktablarimizga mutlaqo yangi muhit va sifat kirib kelishi kerak, – dedi Prezident.

Ma’lumki, mamlakatimizda ijtimoiy davlat qurilmoqda. Keyingi yillarda yuzlab yangi maktablar qurildi, 500 ming o‘quvchi uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratildi, 7 mingdan ortiq zamonaviy kompyuter xonalari tashkil etildi.

Sharoit bilan birga ta’limning mazmunini, metodologiyani o‘zgartirish choralari ko‘rilmoqda. Birinchi bosqichda boshlang‘ich sinf darsliklari yangilanmoqda.

Davlatimiz rahbari bu ishlar maktab ta’limi bo‘yicha umumiy strategiyaning bir qismi ekani, sifat va samaradorlik ko‘p jihatdan o‘qituvchiga bog‘liqligini ta’kidladi.

– Men nima uchun o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si va mavqeini oshirish kerak, deb ko‘p gapiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Chunki bolalarimiz qalbining chinakam me’mori, muhandisi o‘qituvchilardir. Shuning uchun pedagoglarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ularni darsdan boshqa ishlarga jalb etish – bu davlatga, kelajakka xiyonat, deb baholanishi kerak. O‘qituvchiga hurmatsizlik – bu xalqimizga, jamiyatimizga hurmatsizlikdir.

Prezident Konstitutsiya va qonunlarda o‘qituvchining maqomi, huquq va manfaatlarini aniq belgilash zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

– Shunday jamiyat qurishimiz kerakki, o‘qituvchilik eng obro‘li kasb bo‘lishi lozim! Bu yo‘lda biz, avvalo, o‘z hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan ming-minglab ustoz va murabbiylarga tayanamiz! Ustozlarni e’zozlagan jamiyat hech qachon kam bo‘lmaydi, o‘z maqsadlariga, albatta, yetadi. Bir haqiqatni hech qachon unutmanglar: xalqimiz o‘z kelajagini sizlarga ishonib topshirgan. Kelajagimiz qanday bo‘lishi, avvalo, sizlarga bog‘liq. Bu yo‘lda Prezident sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yoshlar ta’lim-tarbiyasida ota-onalar mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Muloqotda o‘qituvchilar pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, maktablarga xorijiy til egalarini jalb qilish, yoshlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni kirib kelayotgan yangi 2023 yil bilan tabriklab, sharafli va mas’uliyatli faoliyatida kuch-g‘ayrat tiladi.

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA muxbiri