Mamlakatimizda davlat tashrifi bilan bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamroxligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga bordi. Oliy martabali mehmon Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.

Ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida – Mustaqillik monumenti haqida Prezident Qosim-Jomart Toqayevga so‘zlab berildi. O‘z navbatida oliy martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi.

Shu o‘rinda eng yuqori qismida Humo qushi tasvirlangan majmua haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish joiz. Majmua 2021 yil istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan. Unda mamlakatimizning qadim va boy tarixi, bugungi kuni bilan bog‘liq eng muhim voqealar aks etgan. Buyuk alloma va jahongir bobolarimizning siymolari esa qalblarga g‘urur bag‘ishlaydi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Oliy darajadagi muzokaralarda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Sammit kun tartibidan O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha manfaatli qo‘shma loyihalarni ilgari surish, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, faol hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish kabi asosiy masalalar o‘rin olgan.

Davlat rahbarlari bir qator yirik investitsiya loyihalarini boshlab berishi rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvlar yakunida amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama bitimlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Z.JONIBEKOV, O‘zA muxbiri