O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 21 dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Shu o‘rinda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik dinamikasiga to‘xtalib o‘tish o‘rinli.

Qozog‘iston hududida O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida 1 ming 400 dan ziyod korxona tashkil etilgan. Qozog‘istonda sanoat kooperatsiyasining yirik loyihalari amalga oshirilmoqda, xususan, Kostanay, Chimkent va Turkistonda “Ravon” avtomobillarini yig‘ish, maishiy texnika va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda esa Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 1 ming 200 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Besh yil avval bu ko‘rsatkich deyarli 6 barobar kam edi. Faqatgina joriy yilning 9 oyida 130 qo‘shma korxona tashkil etilgan.


I.AVVALBOEV, A.ABDULLAEV(surat), O‘zA