Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda kutilayotgan va 2023 yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozlar muhokama qilindi.

Jahondagi murakkab vaziyatga qaramay, joriy yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,5 foizga o‘sishi, eksport 13 foizdan ko‘proq oshib, 19 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Davlat siyosatida aholi bandligini oshirish va turmush darajasini yaxshilash maqsadi ustuvor bo‘lib qolmoqda.

Jumladan, 2022 yilda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholini uzoq yillar qiynab kelgan masalalarni hal qilishga byudjetdan 8 trillion so‘m yo‘naltirildi. “Tashabbusli byudjet” doirasida 8 millionga yaqin aholi takliflaridan kelib chiqib, mahallalardagi loyihalarga 2,5 trillion so‘m ajratildi. Bunda hududlarning qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlaridan shakllangan 16,5 trillion so‘m ham hududlar infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirildi.

2023 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmi kamida 5,3 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Dunyoda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatda kelgusi yil ham asosiy maqsad yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiyaning keskin oshib ketishining oldini olishga qaratiladi.

Yig‘ilishda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush tarzini yanada yaxshilash chora-tadbirlari belgilab berildi.

Xususan, kelgusi yilda sanoatda 5,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 3,5 foiz, xizmatlar sohasida 14,1 foiz o‘sishga erishish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, aniqlangan zaxiralar hisobiga sanoat ishlab chiqarishi hajmini qo‘shimcha 12 trillion so‘mga oshirish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlikni rivojlantirishga 10 trillion so‘m ajratiladi. Iqtisodiyotga banklar hisobidan 200 trillion so‘m kredit va xalqaro moliya tashkilotlaridan 500 million dollar uzoq muddatli resurs jalb qilinadi.

Kelgusi yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni 19 foizga oshirib, qariyb 10 milliard dollarga yetkazish hamda 8 milliard dollarlik yangi yirik loyihalarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shuningdek, kelgusi yilda hududlarda qariyb 8 milliard dollarlik 300 ga yaqin yirik loyiha ishga tushiriladi. Bu, o‘z navbatida, hududiy sanoatni 11 foizga oshirishga imkon beradi.

Yig‘ilishda 2023 yilda 18 milliard dollarlik tarmoq va hududlar eksporti rejasi ham taqdimot qilindi. Jumladan, hududiy eksportni 60 foizga oshirib, qariyb 10 milliard dollarga yetkazish reja qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari elektr texnikasi, to‘qimachilik, qurilish materiallari, charm sanoati, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika kabi sohalar eksportini kamida 50-60 foizga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.