O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev joriy yilning 21-22 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralarda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni ilgari surish, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, faol hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish kabi asosiy masalalar o‘rin olgan.

Davlat rahbarlari bir qator yirik investitsiya loyihalarini boshlab berishi rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvlar yakunida amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama bitimlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.