Tashqi ishlar vazirligida “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonii topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik ma’muriyati, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etgan tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan Bosh qomusimizning yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘zladi.

Vazirlik faoliyati ushbu fundamental hujjat asosida tashkil etilgan. Mamlakatimiz Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi yangi siyosiy muhit yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Dunyoning qudratli davlatlari, turli darajadagi strategik hamkorlar bilan yangicha amaliy aloqa yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining faol a’zosi. Bu ijobiy jarayonlar xalqaro hamjamiyat tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda.

Vatanimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan, shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz qatorida Prezident Farmoniga ko‘ra, vazirlikning bir guruh xodimlari “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoniga munosib ko‘rildi.

Bayram ayyomi arafasida faolligi, o‘z zimmasidagi vazifalarni sidqidil bajarayotgan, tashabbuskor, Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan Markaziy apparat xodimlari hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz rahbarlariga Tashqi ishlar vaziri nomidan Tashakkurnoma e’lon qilish to‘g‘risida bo‘yruq imzolandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari A.Paygamov ishtirok etdi.


S.Rahimov,

N.Haydarov, O‘zA