«Elektr energiya ta’minotidagi muammolar bartaraf etilishi uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?» mavzusida O‘zAda ovozli chat bo‘lib o‘tdi.

Kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Hakimov javob berdi.

— O‘zbekistonda asosan nima  elektr manbai hisoblanadi?

— bugungi kunda ob-havoning keskin sovib ketishi biz energetiklarga juda katta mas’uliyat yukladi. Iste’molchilarga, aholimizga, olis-olis hududlarga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tunu-kun harakat qilyapmiz.

Yurtimizda elektr energiyaning 90 foizga yaqini issiqlik elektr stansiyalarida olinadi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalariga yoqilg‘i yetkaziladi. Asosan tabiiy gaz, zaxira sifatida mazog va ko‘mir yoqilg‘isi ishlatiladi. Tabiiy gazni ishlatish hisobiga issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, respublikamizda bir nechta gidroelektrstansiya potensiali va kaskadi mavjud. Ular suv energiyasidan foydalanib, yagona elektr energetika tizimiga elektr yetkazib beradi. Bu ishlab chiqarilgan elektr energiyasi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 220-500 kilovoltli tarmoqlar orqali qabul qilib olinadi. Bizning tashkilot,  ya’ni «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining hududlardagi 14 ta filiali orqali iste’molchilarga, sanoat, ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr energiyasi yetkazib beriladi.

— Mutaxassis sifatida bugungi kunda hududlarda tez-tez chiroq ko‘p o‘chishining sabablari nimada deb ayta olasiz?

— Bizning elektr energiya tizimimiz juda mukammal hisoblanadi. Bu tizimning ishlashiga juda ko‘p omillar bog‘liq. Bir necha sohalarni,  ya’ni gaz qazib olish, stansiyalarga yetkazib berish, gazni bug‘ holatiga keltirib elektr energiyasiga aylantirish, ishlab chiqarilgan elektr energiyani yuqori masofalarga uzatish va uzatilgan elektr energiyani oxirgi iste’molchiga yetkazib berish uchun mukammal tizim ishlashi kerak. Ya’ni har bitta soha o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishini olib borishi zarur.

bugungi kunda respublikamizda ob-havoning pasayishi hisobiga gaz qazib chiqarish qisqarganligi sababli elektr stansiyalarida elektr ishlab chiqarish miqdori ham kamaygan. O‘z navbatida bunday og‘ir holatlarda respublika hududlarida elektr energiyani tejab, cheklov sifatida o‘chirish davomiyligini 2 soatdan oshirmagan holatda barcha hududlarga yetkazish topshirig‘ini olganmiz. Bu bo‘yicha tezkor chiqish guruhlari qo‘shimcha ravishda ravishda tashkil etildi. Iste’molchilarimizning e’tirozlarini iloji boricha kamaytirish maqsadida uzilish davomiyligini qisqartirgan holda yetkazish bo‘yicha soha xodimlari 24 soatlik tunu-kun ishlash rejimiga o‘tgan.

Ovozli chatning davomiy videohavolasini You tube kanalimiz orqali ko‘rishingiz mumkin.

Nigora Rahmonova, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA