Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda kutilayotgan natijalar va energetikadagi mavjud vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda Prezident topshirig‘iga asosan elektr va gaz muammolarni hal qilish, mavjud vaziyatni yumshatish, tezkor choralar ko‘rish uchun Bosh vazir boshchiligida Hukumat ishchi guruhi tuzilgani ma’lum qilindi.

Ishchi guruhga bir necha vazifalar yuklatilgan:

➖ respublika hududida energiya taqchilligi munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni qisqa muddatlarda chuqur tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rib borish;

➖ elektr energiyasi va gazni birinchi navbatda aholiga yetkazib berish zaruriyatini e’tiborga olgan holda, mavjud energiya resurslarini muvozanatli taqsimlab borish va ushbu jarayonni qat’iy nazorat qilish;

➖ elektr energiyasi va gaz taqchilligi sharoitida muqobil energiya mahsulotlari bilan aholini va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz ta’minlash ishlarini jadallashtirish;

➖ ijtimoiy ob’ektlar, jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan zarur mablag‘lar ajratib borish va ularning maqsadli ishlatilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;

➖ energiya taqchilligi va uning oqibatida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar, ayniqsa iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish maqsadida, kompleks chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan asoslangan takliflar ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun kiritish vazifasi yuklatiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda tizimga biriktilgan barcha mutasaddilar qish mavsumini betalafot o‘tkazish uchun kerakli choralarni o‘z vaqtida va tezkorlik bilan hal etishga birdek mas’ul ekani ta’kidlandi.

O‘zA