Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari general-leytenant Sultan Kamaletdinov rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etish uchun mamlakatimizga yetib keldi.

Yuqori martabali mehmonlarni Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Zokirjon Sayfuddinov va Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Hasan Xalilov kutib oldi.

7 dekabr kuni Qozog‘iston delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarni akademiyada mudofaa vazirining Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev kutib oldi.

Kun davomida Qurolli Kuchlar akademiyasida tomonlarning rasmiy uchrashuvi va ikki davlat ijodiy guruhlarining konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari muzeyi bo‘ylab ekskursiya va gul qo‘yish marosimlari tashkil qilindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, 8 dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati va ijodiy guruhlari Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bo‘lib, muassasaning o‘quv-moddiy bazasi bilan tanishadi. Shu kuni “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi maydonida ikki davlat harbiy ansamblining qo‘shma konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.

O‘zA