«Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar».

                           O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi

* * *

«Xalq davlat hokimiyatning yagona manbaidir».

                                         AQSH mustaqillik Deklaratsiyasi

 

* * *

«Qonunlar yomon bo‘lsa ham, yaxshi amaldorlar bilan mamlakatni idora qilish mumkin, ammo amaldorlar yomon bo‘lsa, eng yaxshi qonunlar ham ish bermaydi».

                                                   Otto fon Bismark

 

Konstitutsiya davlatning siyosiy-huquqiy asosi, fuqarolarning huquq va erkinliklarining garovidir.

Konstitutsiya (lotincha “constitutio” – tuzish, o‘rnatish, belgilash) – davlat tuzilishi, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimi, ularning vakolati, fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradigan asosiy qonun.

Dunyodagi ilk davlat Dajla va Frot daryolari oralig‘ida joylashgan Shumerlar davlati – Mesopotamiyaning ham o‘z qonunlari bo‘lgan. U Xammurapi qonunlari deb atalgan.

O‘tgan qariyb 50 asr ichida Yer sayyorasida yuzlab davlatlar va konfederatsiyalar barpo etildi: Chin imperatorligi, Turk hoqonligi, Somoniylar davlati, Vizantiya, Rim, Usmoniylar imperiyasi, Temuriylar davlati, Yevropa Ittifoqi va hokazo.

Har davlatning o‘z siyosiy-ijtimoiy hayotini tartibga soluvchi qonunlari bo‘lgan: Chingizxon “Yasoqlar”i, “Mangu yorliq”, “Temur tuzuklar”i, “Domostroy”, “Xartiya volnostey”, “Bill o pravax” (huquqlar to‘g‘risida Bill), “Rim huquqi”, “Habeas Corpus Act”.

Xususan, o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi sohibqiron Amir Temur avvalgi davr mutafakkirlari, davlat arboblarining siyosiy qarashlarini, shu jumladan, «Yasoqlar», «Mangu yorliq» singari davlat boshqaruviga oid hujjatlarni chuqur o‘rgangan va “Temur tuzuklari” nomli qonun-qoidalar to‘plamini yaratgan.

Bu xarizmatik, keng dunyoqarashga ega, bilimli inson o‘z davlatining kuch-qudratini oshirish va mustahkamlash uchun eng birinchi navbatda siyosiy-harbiy va iqtisodiy islohotlar o‘tkazgan.

«Temur тузукларi» o‘z davrining konstitutsiyasidir, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Yirik sharqshunos olim Logofet e’tirof etganidek, «Turkistonda G‘arbiy Yevropadan 500 yil oldin Konstitutsiya vujudga kelgan».

«Tuzuklar»da inson omiliga oliy qadriyat sifatida qaralgan: «Raiyat xonavayron qilinsa, davlat xazinasi kambag‘allashadi, bu esa o‘z o‘rnida saltanatning kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi».

Xalqning farovon turmush kechirishini ta’minlash mamlakatning iqtisodiy-siyosiy qudratini oshirishga xizmat qilishini buyuk sarkarda teran anglagan.

Yevropada qabul qilingan birinchi Konstitutsiya «Xartiya volnostey» (Magna Charta Libertatum, Erkinliklar Xartiyasi) deb ataladi. U 1215 yilda Angliyada qabul qilingan.

Konstitutsiyaviy ahamiyatga molik hujjatlar sirasiga AQSHning 1776 yilda qabul qilingan «Mustaqillik deklaratsiyasi» va Fransiyaning 1789 yilda qabul qilingan «Inson va fuqaro huquqlari Deklaratsiyasi»ni misol qilish mumkin.

Tomas Jefferson, Jorj Vashington hamda Benjamin Franklin imzo chekkan Mustaqillik Deklaratsiyasida ilk bor «Xalq davlat hokimiyatning yagona manbaidir» degan konstitutsiyaviy qoida mustahkamlangan.

Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi murakkab tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi va xalqimizning mustaqillik yo‘lidagi ko‘p asrlik intilishlarining mahsulidir.

Bosh qomusimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga hamohang, Baqtriya, Parfiya, So‘g‘diyona, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Turk hoqonligi davlatchiligi an’analari, xalqimizning qadriyatlari va orzu-niyatlarini mujassam etadi.

Konstitutsiyamiz insoniyat tomonidan to‘plangan ilg‘or tajriba, Platon, Aristotel, Erazm Rotterdamskiy, Tommazo Kampanella, Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Sharl Monteske, Jon Lokk kabi buyuk mutafakkirlarning ulkan ilmiy-falsafiy merosiga tayanadi.

Xususan, Sharl Monteskening «Qonunlar ruhi», Jon Lokkning «Inson salohiyati namunalari», Forobiyning «Fozil odamlar shahri», Tommazo Kampanellaning «Quyosh shahri», Nikkolo Makiavellining «Hukmdor» asarlarida inson huquqlariga hurmat, hokimiyat vakolatlarini taqsimlash tamoyillari, adolatli jamiyat, odil hukmdor g‘oyalari ilmiy asoslab berilgan.

Konstitutsiyamizning yaratilishi yo‘lidagi birinchi tarixiy qadam – milliy o‘zligimiz ramzi bo‘lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilishidir. Davlat tili to‘g‘risidagi muhim huquqiy qoidalarni 4-modda aks ettiradi:

«O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi».

Konstitutsiya davlatning siyosiy-huquqiy asosi, fuqarolarning huquq va erkinliklarining garovidir. Shu o‘rinda Amir Temurning Kuch – adolatda», «Qonuniylik adolat o‘rnatishning asosiy shartidir», «Hukmdorning har bir amri, farmoni — to‘ra va tuzuk, odat va qonun-qoidalarga tayangan bo‘lishi kerak» kabi o‘lmas g‘oyalari Bosh Qomusimiz va milliy taraqqiyot tamoyillariga mushtarak ekanligini eslatib o‘tish joiz.

Konstitutsiyada bayon etilgan ideallarni hayotga tatbiq etish davomli va mas’uliyatli jarayon.

Qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga asoslangan fuqarolik jamiyatini barpo etishda, demokratik huquq va erkinliklarni yanada takomillashtirish va himoya qilishda uning ahamiyati beqiyosdir.


Mohira XOLIQOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi

Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish

milliy markazi direktori, falsafa doktori, dotsent