Vazirlar Mahkamasining “Tovar-xom ashyo birjalarining faoliyatini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tovar-xom ashyo birjalarida tovar derivativlari, shu jumladan, fyuchers savdolari bilan shug‘ullanadigan brokerlik idoralarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda birja a’zolariga malaka talablarini belgilashda bir qator o‘zgarishlar bo‘ladi.

Xususan, birjada tovar derivativlari, shu jumladan, fyuchers savdolari bilan shug‘ullanish uchun talabgorlarga quyidagi malaka talablari belgilanadi: 

talabgor birja a’zosi sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lishi; 

malaka sertifikatiga ega bo‘lishi; 

oliy ma’lumotga yoki tovar-xom ashyo birjalarida uch yillik brokerlik ish stajiga ega bo‘lishi; 

oxirgi uch yil davomida jinoiy javobgarlikka tortilmagan bo‘lishi yoki sud hukmi bilan moliyaviy tashkilotlarda mansabdor shaxs lavozimlarini egallashga taqiq bo‘lmasligi lozim. 

Savdo ishtirokchisi fyuchers savdolari to‘g‘risidagi qonunchilikka hamda fyuchers savdolarini o‘tkazish qoidalari va fyuchers savdolari bo‘yicha kliringni amalga oshirish tartibiga, shuningdek, birjaning boshqa hujjatlariga rioya qilishi shart.

Belgilangan tartibga muvofiq maxfiy ma’lumotlarni, fyuchers savdolari hamda tijorat sirini tashkil etuvchi va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni maxfiy saqlashi shart va mijozlarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan harakatlarni sodir etish, shu jumladan, noto‘g‘ri hisobotlar va ma’lumotlarni taqdim etish taqiqlanadi.

Birja ishtirokchilarining qasddan qilingan har qanday harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi va ularni amalga oshirish taqiqlanadi. Birjada sotilayotgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotning narxiga, talabiga, taklifiga va uni yetkazib berish shartlariga sun’iy ravishda ta’sir etish, shu jumladan, oldindan kelishish va til biriktirish holatlari orqali asossiz foyda olish, muayyan ishtirokchilarga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, shuningdek, axborotdan foydalanish orqali boshqa ishtirokchilarga mahsulotni sotib olish imkoniyatini cheklash, birja narxlarini keskin oshirish, kat’iy belgilash yoki bir darajada ushlab turish, ommaviy axborot vositalari, internet va boshqa kommunikatsiya kanallarida, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda yolg‘on ma’lumotlar tarqatish, birja shartnomasi bo‘yicha yirik, ya’ni barcha xaridorlarga savdolarda teng qatnashish imkoniyatini cheklaydigan lotlar belgilash, bir xil mahsulotlar sotuvchilari tomonidan belgilangan shartlardan sezilarli darajada farq qiladigan asossiz to‘lov va yetkazib berish muddatlari hamda alohida shartlar kiritish va birja rasmiy veb-saytiga mahsulotlarni savdoga qo‘yish jadvallarini joylashtirmaslik va hokazo.

Savdo ishtirokchisiga tovar derivativlari, shu jumladan, fyuchers savdolarida ishtirok etishga elektron birja savdo tizimidan foydalangan holda ruxsat berilishi mumkin. Buning uchun ariza beruvchi: tovar derivativlari, shu jumladan, fyuchers savdolari bo‘yicha birja a’zosi sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lishi; birja bilan tovar derivativlari, shu jumladan, fyuchers savdolarini o‘tkazish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish shartnomasini tuzishi kerak.

Akkreditatsiyadan o‘tkazish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:

ariza beruvchi tomonidan Nizomda belgilangan talablar bajarilmasa;

ariza beruvchiga nisbatan faoliyatni yoki faoliyatning ayrim turlarini taqiqlash to‘g‘risida qonuniy kuchga kirgan sud qarori mavjud bo‘lsa;

ariza beruvchiga va (yoki) uning birinchi rahbariga nisbatan sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori (hukmi) bo‘lsa, unga asosan ariza beruvchi va (yoki) uning birinchi rahbari alohida huquqdan mahrum etilgan bo‘lsa va bu tovar birjasida akkreditatsiya olish bilan bog‘lik bo‘lsa.

Birjaning tovar derivativlari, shu jumladan, fyuchers savdolarida ishtirok etishga ruxsat olish, savdo ishtirokchisi va uning mijozlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar mazkur Nizomga, fyuchers savdolarini o‘tkazish qoidalari va fyuchers savdolari bo‘yicha kliringni amalga oshirish tartibiga, fyuchers kontraktining tasnifiga, ular o‘rtasida tuzilgan shartnomalar va bitimlarga muvofiq tartibga solinadi.


O‘zA