Samarqand shahrida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan “Sanitar tozalash korxonalari uchun zamonaviy texnikalar, yangi imkoniyatlar” mavzusida o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 noyabrdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, sanitar tozalash korxonalari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, xodimlarda yangi texnikalardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan seminarda qo‘mita mas’ullari va Samarqand viloyatidagi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi vakillari, Samarqand avtomobil zavodi xodimlari ishtirok etdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Jamshid Eshjonov yurtimizda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish va sanitariya jihatidan tozalash tizimi infratuzilmasini rivojlantirish, bu orqali aholining sifatli sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– 2020 yil 17 aprelda Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar kengashi tomonidan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga 25 yil muddatga, 60 million AQSH dollari miqdorida qarz berish ma’qullangan, – deydi J.Eshjonov. – Loyihaning umumiy qiymati esa 112 million AQSH dollari ekvivalentini tashkil etadi, shundan 52 million AQSH dollari O‘zbekiston Respublikasining loyihani amalga oshirishdagi ulushi hisoblanadi.

2020-2024 yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar hududlarida qattiq maishiy chiqindilarni tashish uchun “Toza hudud” DUKlariga 12 metr kub hajmli 300 ta maxsus texnika berilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur avtotransport vositalari xarida uchun e’lon qilingan xalqaro tenderda “Samarqand avtomobil zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi g‘olib deb topilgan edi. Shunga ko‘ra, zavodda ushbu loyiha doirasida yuk ko‘tarish quvvati oshirilgan, yuklash manipulyatorlari, orqani ko‘rish kameralari, JPS va masofani hisoblash bilan jihozlangan maxsus chiqindi tashuvchi avtomashinalarning yangi avlodi ishlab chiqarildi.

“Samarqand avtomobil zavodi” MCHJ savdo va servis departamenti rahbari A.Saidahmedovning ta’kidlashicha, loyihaning birinchi bosqichida joriy yilda korxona tomonidan 144 ta maxsus chiqindi tashish texnikalari ishlab chiqarilib, hududiy sanitar tozalash korxonalariga yetkazib beriladi. Shu paytgacha respublikamiz hududlariga 50 ta mashina yetkazildi va “Toza hudud” korxonalarida ish boshladi. Bugun yana 15 ta maxsus mashina Samarqand viloyati “Toza hudud” korxonalariga berilmoqda. Loyihaning ikkinchi bosqichida hududiy sanitar korxonalarini yana 156 dona maxsus chiqindi texnikalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lib, bu ish 2023 yilda amalga oshiriladi.

Seminarda “SamAvto”da ishlab chiqarilayotgan chiqindi tashish texnikalariga ushbu zavod va uning joylardagi dilerlik va servis punktlari orqali texnik xizmat ko‘rsatilishi ma’lum qilindi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va “Samarqand avtomobil zavodi” o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi.

Tadbir qatnashchilari zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlari va yangi texnikalarning imkoniyatlari bilan tanishdi. Shuningdek, “Toza hudud” korxonalari xodimlariga yangi transport vositalaridan foydalanish bo‘yicha tushuncha berildi.


G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA