Davlat fuqarolik xizmatining jozibadorligini oshirish, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqara oladigan salohiyatli va tashabbuskor davlat fuqarolik xizmatchisini shakllantirish ustida ish olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi Oybek Sayidumarov shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

– “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani bu borada ayni muddao bo‘ldi. Chunki shu asosda davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish, salohiyatli rahbar kadrlar zaxirasini raqobat asosida shakllantirish tizimi yaratildi.

Salohiyatli va istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda Milliy kadrlar zaxirasiga kirishda barcha fuqarolarga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Istiqbolli boshqaruv kadrlarini saralab olish va tayyorlash bo‘yicha “100 nafar ilg‘or yetakchi” dasturi joriy etilmoqda.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan mazkur dasturni ishlab chiqish jarayonida ilg‘or va rivojlangan davlatlar (AQSH, Yevropa davlatlari, Yaponiya, Janubiy Koreya, BAA, RF)da joriy etilgan o‘xshash dasturlar tajribasi o‘rganildi.

Xususan, rivojlangan mamlakatlarning tajribasiga ko‘ra, davlat boshqaruvi tizimiga nomzodlarni ochiq tanlov asosida saralab olish, nomzodlarga qo‘yilgan minimal talablar, kasbiy kompetensiyalar asosida o‘qitish, tanlov g‘oliblarini moddiy rag‘batlantirish, pul mukofotlari berish hamda yuqori lavozimlarga tayinlash yoki zaxiraga kirish imkoniyatlari mavjudligi aniqlandi.

Ilg‘or xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, yosh mutaxassislarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish orqali davlat xizmatiga iqtidorli va salohiyatli kadrlarni jalb qilishga zamin yaratadi.

Dasturdan ko‘zlangan maqsad ham istiqbolli boshqaruv kadrlarni ochiq tanlov asosida saralab olishdir. Shu bilan birga, tanlov g‘oliblarida boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturi asosida o‘qitish, ularni mahalliy va xorijiy stajirovkaga yuborishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini tashkil etishdan iborat.

Dasturning maqsad va vazifalarini amalga oshirish, ochiq tanlovni yuqori saviyada tashkil etish uchun vazirlik, idoralarning rahbarlaridan iborat tarkibda Respublika komissiyasi shakllantiriladi.

Tanlovda davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, shu jumladan, yoshlar, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar ishtirok etishi mumkin.

Tanlov yakuniga ko‘ra, 100 nafar g‘olib pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Shuningdek, g‘oliblar bir yil davomida shaxsiy rivojlanish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Ikki oylik maxsus o‘quv dasturi asosida tahsil oladi. Davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlariga “dublyor” sifatida biriktirilgan holda kamida uch oylik mahalliy stajirovka o‘taydi. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida kamida bir oylik stajirovka o‘taydi.

Yuqoridagi shaxsiy rivojlanish rejasini to‘liq va muvaffaqiyatli bajargan, maxsus o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan hamda mahalliy va xorijiy stajirovkalarni to‘liq o‘tagan g‘oliblar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA