Xalqning mulki bo‘lgan yer resurslarini talon-toroj qilish holatlari ko‘payib borayotgani sir emas. Bu borada prokuratura organlari o‘tkazgan nazorat tadbirlarida o‘zboshimchalik bilan egallangani aniqlangan 3 ming 336 gektar yer maydonlari zaxiraga qaytarilgan. 35 ming 161 gektar yer maydonlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 987 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu haqda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida o‘tgan prokuratura organlari hay’at yig‘ilishida qayd etildi.

Prokuratura organlari zimmasiga ushbu masalada katta mas’uliyat va javobgarlik yuklatilgani mas’ullarga yana bir bor uqtirildi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga oid vazifalar ijrosi, ayniqsa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ishlariga jiddiy e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 116 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 217 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolar va davlat manfaatlariga yetkazilgan 1,5 trillion so‘mlik zarar undirilgan.

Bevosita prokurorlar sa’y-harakati bilan qisqa muddatda 161 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama ko‘mak berilgan. Qariyb 175 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 7 ming nafardan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqi tiklangan. 25 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.

Yangi yil bayrami kunlarida aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, bu borada dehqon bozorlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida savdo yarmarkalarini tashkil etishga doir vazifalar ijrosini ta’minlash lozimligi qayd etildi.

Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish borasidagi muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlashning barcha choralarini ko‘rish zarurligi qat’iy ta’kidlandi.

Xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Hisobot davrida 220 mingdan ortiq murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va 40 ming nafardan ortiq shaxsning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.

Murojaatlar bilan ishlash, faoliyatga oshkoralik berish, qonun ijodkorligi, prokuratura ishiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilishga oid ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

Hay’at majlisida prokuratura tizimidagi organlar mas’ullarining izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berildi.

 

N.Abduraimova,
O‘zA