Prezident Emmanuel Makron Fransiya va boshqa g‘arb davlatlari Rossiyani yo‘q qilish niyatida emas, deb hisoblaydi. Bu haqda u Amerikaning “CBS” telekanaliga intervyusida bildirdi.

“Masalan, Fransiyaning bunday niyati bo‘lmagan. Qolaversa, madaniyat, tarix nuqtai nazaridan Rossiya bilan munosabatimizyaqin”, deydi u.

Shuningdek, fransuz yetakchisi Prezident Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani uzmaganini ham aytib o‘tdi.

Ukraina atrofidagi vaziyat haqida gapirarkan, “nizoni faqat muzokara yo‘li bilan hal etish mumkin, bu ishda harbiy yechim mutlaqo yordam bermaydi”, dedi Makron.
“Germaniya uchun muqobil” partiyasi hamraisi Tino Xrupalla Germaniya va Fransiya Kiyevni qurol-yaroq bilan ta’minlashni va Moskvaga nisbatan sanksiyani to‘xtatishi kerak, deb hisoblaydi.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, kecha bir necha ming kishi Milanda namoyish o‘tkazib, Italiya rahbariyatini Ukrainani qurollantirishni bas qilishga chaqirdi.

“Urushga qarshi birlashamiz” va “Kiyevga qurol yo‘q” shiorlari ostida o‘tgan aksiyani Rim shahri sobiq hokimi Janni Alemanno tashkil etgan.

“Ziddiyatni to‘xtatish darkor, bu masala butun Yevropaga, dunyoga xavf solmoqda. Biz tomonlarni “rojdestvo sulhi”ga chaqiramiz”, dedi sobiq mulozim.
Turkiya Prezidentining rasmiy vakili Ibrohim Kalin Ukraina voqeasi Rossiya va G‘arb o‘rtasida “sovuq urush” keltirib chiqardi, deb bayonot berdi.
“Ehtimol, bu geosiyosiy voqea tomonlar birlashguncha, yangi global bitim – yangi xavfsizlik arxitekturasi parametri belgilanguncha davom etadi”, dedi Kalin “Al Jazeera” telekanali muxbiri bilan suhbatda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina bilan yaqin aloqada bo‘lgan Turkiya ziddiyat uzoq davom etishini istamaydi.

“Mintaqaviy tinchlik va barqarorlik barchaning manfaatiga javob beradi. Birgalikda muammoni hal qilish yo‘lini axtarishimiz kerak”, dedi u.

AQSH Prezidenti ma’muriyati Moskva Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha diplomatik hamjihatlikka qiziqish bildirmayapti, deb uqtirdi. Bu haqda Davlat kotibi Entoni Blinken “CBS” telekanali jurnalisti bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Blinken taxminicha, Ukraina yetakchisi Zelenskiy “tinchlik yo‘lidagi qarashini ifoda etgan, hozircha Prezident Putin muzokara bo‘yicha diplomatiya qadrini namoyish qilmayapti.

Abror XON,

O‘zA