Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida 599 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari mavjud. 165 kilometr yo‘lga o‘tgan yillar mobaynida asfalt yotqizilgan. Umumiy yo‘lning 294 kilometr qismiga shag‘al to‘shalgan bo‘lsa, 140 kilometr yo‘l tuproqligicha qolmoqda.

Buxorolik yo‘lsozlar tomonidan shu yil yoz oyida “Sarishungul” ovul fuqarolar yig‘ini Nasiya ko‘chasida 400 metr, “Jana-jap” ovul fuqarolar yig‘ini Alim ovulida 1,2 kilometr, Vodnik mahallasida 400 metr yo‘lga shag‘al yotqizilgan. Xo‘jayli tumani mahalliy yo‘lsozlari hamkorligida markaziy ko‘chalar asfalt qilingan.

Jumladan, Jayxun ovuli, Shuhrat ko‘chasida 610 metr, Suvchilar ko‘chasida 800 metr, Somonko‘l ovulining Rayhon hamda Rumiy ko‘chalarining har birida 900 metrdan, Angar ovulida 700 metr yo‘l qayta qurilib, kengaytirilgan,  shag‘al yotqizilgan.

Xuddi shunday, buxorolik yo‘lsozlar mehnati bilan Somonko‘ldagi Afg‘on qishlog‘ining raqamlangan 4- ko‘chasida 1260 metr, 5-ko‘chasida 495 metr, 6-ko‘chasida 170 metr, 7-ko‘chasida 475 metr, 8-ko‘chasida 375 metr, 9-ko‘chasida 320 metr ichki tuproq yo‘lga shag‘al yotqizilgan. 4 kilometr yo‘l yangidan qurilgan.

Birgina joriy yil iyun oyida amalga oshirilgan yo‘l qurish va ta’mirlash ishlari natijasida hududda jami 7 ming metr yo‘l kengaytirildi. Xuddi shunday, buxorolik yo‘lsozlar tomonidan “Somonko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini, Afg‘on hamda Ongar ovullarida alohida raqamlangan 1-5 ko‘chaning har birida 270 metrdan, jami 1 ming 260 metrgacha, umumiy masofasi 4 ming metr yo‘lga shag‘al yotqizilgan. “Jayxun” OFY dagi Rumiy, Rayhon, Shuhrat va Suvchilar ko‘chalarining umumiy 1,5 kilometr yo‘l qismi ta’mirdan chiqarilib, shag‘al yotqizilgan.

– Bir muddat qisqa tanaffusdan so‘ng jamoamiz – o‘n nafar mutaxassis hamda tasarrufimizdagi o‘nga yaqin avtosamosval, shuningdek, avtogreyder, katok, ekskavator, suv tashishga mo‘ljallangan maxsus texnika va mexanizmlar bilan yana Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida yo‘l qurilishini davom ettirmoqdamiz, – deydi Buxoro viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh muhandisi Nodir Boltayev. – Yoz oylarida qariyb 12 kilometr ichki xo‘jalik tuproq yo‘liga shag‘al yotqizilib, foydalanishga topshirgan bo‘lsak, mazkur noyabr oyi so‘nggi haftasida umumiy uzunligi 2470 metr yo‘l asosi kengaytirildi. Shag‘al to‘shalib foydalanishga topshirildi. Buning uchun 460 million so‘m mablag‘ sarflandi. Joriy yil yakuniga qadar tumanda 21,7 ming metr yo‘lni risoladagidek ta’mirlash va shag‘al to‘shash  rejalashtirilgan.

Shu kunga qadar yo‘lsozlar “Sarshingul”, “Kumbil”, “Ko‘lob”, “Tong nuri” ovul fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, “Vodnik” aholi massivida ish olib borgan bo‘lsa, shu kunlarda “Ko‘lob” MFY ning Mo‘ynoq, Sunbula, Tozaboz, Qumbul ko‘chalariga shag‘al yotqizish davom etmoqda.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA