Milliy paralimpiya qo‘mitasida amputant futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda rasmiylar futbolchilarimizni qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati bilan yana bir bor qutlab, ulardan kelgusida ham ulkan g‘alabalar kutib qolishlarini bildirishdi.

Shuningdek, amputant futbolchilarimizning bunday rag‘batlantirilishi imkoniyati cheklangan boshqa hamyurtlarimizning sport bilan shug‘ullanishlari uchun katta motivatsiya bo‘lishini alohida ta’kidlashdi.

Tadbirning eng qizg‘in va e’tiborga loyiq jihati shundaki, unda qahramon sportchilarimizga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” mashinalari tantanali ravishda topshirildi. Shu qatorda, terma jamoa a’zosi, Toshkent davlat transport universiteti Iqtisodiyot fakulteti Yu-3 guruh talabasi Umid Abduxalilov ham taqdirlandi.

—  Har qanday iqtidorli sportchi o‘z mehnati ortidan mana shunday e’tiroflarga erishishi kerak deb o‘ylayman, —deydi Umid Abduxalilov. —Bugun bizlarga qilinayotgan e’tibor ertaga yana yangi  “sport yulduzlar”i porlashiga turtki bo‘ladi.

Shubhasiz, bunday e’tibordan barcha amputant futbolchilarimizning quvonchi cheksiz. Ular davlatimiz rahbariga ko‘rsatilgan ushbu g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida ham ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishlarini ta’kidlashdi.

N. Rahmonova, O‘zA.