Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida «Matonat. Mashaqqatli g‘alaba» nomli hujjatli film premerasi bo‘lib o‘tdi. Film futbol bo‘yicha «Matonat» nogiron-amputantlar jamoasi haqida bo‘lib, unda jamoa a’zolarining matonat, sabr va iroda bilan o‘zini namoyon etib kelayotgani, ularning o‘y-kechinmalari, ulkan maqsadlari namoyish etilgan.

«Matonat» nogiron-amputantlar futbol jamoasi 1988 yilda «Matonat futbol» nogiron-amputantlar futbolini rivojlantirish markazi qoshida tashkil etilgan. Jamoada turli sabablar bilan oyog‘idan, qo‘lidan ajralib, nogiron bo‘lib qolgan yigitlar o‘z ustida ishlab, nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatib kelishadi. Buni o‘tgan davrdagi natijalardan ham anglash mumkin. Jamoa 1990 yilda AQSHda, 1991 yil O‘zbekistonda, 2007 yilda Turkiyada, 2010 yilda Argentinada, 2012 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston nomining baralla yangrashiga erishgan. Bu yuksak natijalar tufayli «Matonat» nogiron-amputantlar futbol jamoasi ushbu yo‘nalishdagi futbol tarixida sovrindor jamoaga aylandi.

Hujjatli film premerasida homiy Infinbank boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Olga No‘’manova, Baxtiyor Jo‘rayev, «Matonat» nogiron-amputantlar futbolini rivojlantirish markazi rahbari Rustam Mehmonov, jamoa ta’sischisi Odil Zufarov va boshqalar so‘zga chiqib, jamoa a’zolarining faoliyati xususida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

— Filmda jamoadagi yigitlarning boshidan kechirganlari, tuyg‘ulari, hissiyot va taassurotlari, hayot haqiqatlarini tomoshabinga yetkazish maqsad qilingan. Qahramonlarning hikoyasi tomoshabinni bee’tibor qoldirmaydi. Chunki unda hayot zarbalariga qaramay, ulkan natija ko‘rsatgan, shaxsiy turmushini yo‘lga qo‘ygan haqiqiy matonat egalari gavdalanadi,  — deydi hujjatli film rejissyori Komil Sharafiyev.

Darhaqiqat, filmda «Matonat» klubining matonatli a’zolari bo‘lgan Zohidxo‘ja Toshxo‘jayev, Nuriddin Tursunov, Ulug‘bek Toshpo‘latov, Umid Abduxalilov va boshqalar o‘z kechinmalarini so‘zlar ekan, har qanday holatda ham tushkunlikka tushmaslik, sabr qilish, harakatdan to‘xtamaslik, oila qurish va farzandli bo‘lish lozimligini ta’kidlaydi.

Ushbu hujjatli film hayot,  bu — harakat, sabr-matonat, oldinga intilish ekanligini, bir joyda to‘xtab qolmaslik zarurligini yana bir karra anglatadi.


Muhtarama Komilova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA