Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug va Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonliklarining havo xujumidan mudofaa bo‘linmalari “Nukus” umumqo‘shin poligonida ikki haftalik dala chiqishida ishtirok etib, kasbiy malaka va soha bo‘yicha mahoratini oshirdi.

Okrug havo xujumidan mudofaa bo‘limi nazorati ostida o‘tkazilgan dala chiqishida Nukus va Urganch garnizonlaridagi havo xujumidan mudofaa bo‘linmalari ishtirok etdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

O‘quv-yig‘ini nazariy va amaliy qismlardan iborat bo‘lib, unda quruqlikdagi qo‘shinlar havo xujumidan mudofaa bo‘linmalarini aviatsiyaning intensiv uchish hududlarida jangovar vazifalarni bajarish hamda hamjihatlikda harakat qilishga o‘rgatish maqsad qilingan.

Yig‘in doirasida har bir ishtirokchi amaliy mashg‘ulotlarga kirishishdan avval quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa to‘siqli yo‘lagidan o‘tdi. Sun’iy to‘siqlardan iborat yo‘lak harbiy xizmatchilarning iroda va matonatini sinashning samarali usuli hisoblanib, jismoniy imkoniyatlarini namoyish etishga xizmat qildi.

Mashg‘ulotlar davomida bo‘linmalar qo‘mondonlik punktlari, havo xujumidan mudofaa boshqaruv punktlari, shuningdek, asosiy kuchlardan alohida joylashgan zenit bo‘linmalarining o‘t ochish pozitsiyalarini tanlashi, jihozlashi, ularni mudofaa etishi va qo‘riqlashni tashkil etishi kabi masalalar ko‘rib chiqildi. O‘zaro hamkorlikda ajratilgan samo va yer sarhadlaridagi hududlarni himoyalash bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.

Bo‘linmalarni  birdamlikda harakat qilish, kuchli emotsional va stress holatlarida vazifalarni bajarishga o‘rgatish, kasbiy malaka va mahoratini yuksaltirishga xizmat qilgan dala chiqishi davomida jangovar ruh va axloqiy-ruhiy fazilatlarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘in davomida mutaxassislar bilan havo hujumidan mudofaa qurilmalari hamda shtatdagi o‘qotar qurollardan foydalanish, ularni qismlarga ajaratish va yig‘ish, shaxsiy himoya vositalarini qo‘llashdan iborat bo‘lgan jamoaviy estafeta musobaqasi tashkil etildi. Epchillik, shijoat va tezkorlikni talab etgan bellashuvda jamoalar yuqori natijalarni, professional mahorat va jamoaviy birdamlikni namoyon etdi.

Dala chiqishining amaliy qismida quruqlikdagi qo‘shinlar havo xujumidan mudofaa bo‘linmalari bilan yakka va hamkorlikda zenit qurilmalaridan pozitsiyalarni almashtirgan holda nishonlarga qarata o‘q otish mashqlari o‘tkazildi. Amaliy mashqlar ehtimoliy harbiy harakatlar teatrining o‘ziga xosligi, hudud va relefni inobatga olgan holda niqoblanish shartlarini bajargan holda tashkil etildi.

Kichik komandirlarning nostandart vaziyatlarda mustaqil ravishda o‘t ochish va jangovar ishlash bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari oshirildi. Dala chiqishida asosiy e’tibor kichik komandirlarning boshqaruvchanlik qobiliyatini yuksaltirish, soha bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni egallash hamda kasbiy mahoratini oshirishga qaratildi.

O‘zA