Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida sayyohlik oqimi joriy yilda pandemiyadan avvalgi davr natijalarini ortda qoldiradi, deb ma’lum qilmoqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirligi.

“Rossiyaliklar uchun O‘zbekistonga borish qulay. RF dan keladigan mehmonlarning soni bahordan buyon barqaror ortib bormoqda. Sayyohlik oqimi 2019 yilgi ko‘rsatkichlardan oshishini kutyapmiz”, — dedi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov.

Uning aniqlik kiritishicha, yilning birinchi yarmida respublikaga 126 ming rossiyalik kelib ketgan.

“O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobarga ko‘p”, — dedi u.

Reshetnikovning qo‘shimcha qilishicha, ikki mamlakat sayyohlik oqimini ko‘paytirish uchun qo‘shma tadbirlar o‘tkazish rejasini tasdiqlashgan. Hujjat turistik mahsulotlarni ilgari surish va transport logistikasini takomillashtirishga qaratilgan yigirmaga yaqin turli tadbirlarni o‘z ichiga oladi.