Markaziy Osiyoda havo harorati o‘rtacha global ko‘rsatkichga nisbatan tezroq isishi kuzatilmoqda. Oxirgi o‘ttiz yilda o‘rtacha yillik harorat 0,5 darajaga ko‘tarilgan, 2085 yilga kelib 5,7 darajagacha oshishi taxmin qilingan. Ekstremal ob-havo hodisalari va ofatlar tezligi jismoniy xavfsizlik, muhim infratuzilma, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalariga tahdid solyapti.

Mazkur muammolarni hal etish yo‘lini topish maqsadida 2022 yil 2 dekabr kuni Toshkent shahrida “Global bilimlardan mahalliy yechimlarga: Markaziy Osiyodagi iqlimga chidamli institutlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

BMT Taraqqiyot dasturi, Germaniya hukumati (GIZ), O‘zgidromet, Tashqi ishlar, Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari bilan hamkorlikda tashkil etilgan nufuzli tadbirda yuzdan ziyod delegat ekologik tahdidlar bo‘yicha mulohaza yuritdi, taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

– Konferensiya Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari namunasini ko‘rsatadi, – dedi BMT TDning mamlakatimizdagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Hech bir millat yoki tashkilot yakka tartibda samarali faoliyat yuritish va hissa qo‘shish imkoniga ega emas. Shu bois birgalikda ishlash orqali insoniyat uchun mavjud tahdidlarni yengishimiz mumkin.

Anjumanda bugungi kunda har o‘nta tabiiy ofatdan to‘qqiztasi iqlim bilan bog‘liq ekani ma’lum qilindi. Iqlim o‘zgarishi mahalliy va mintaqaviy iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, chunki resurslarning haddan tashqari ishlatilishi va yetishmasligi qishloq xo‘jaligi, energetika kabi asosiy tarmoqlarga zarar yetkazishi tabiiy.

Ishtirokchilar iqtisodiyotning zaif qatlamlari o‘rtasida iqlim o‘zgarishi va barqarorlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy muloqot va xabardorlikni oshirishga e’tibor qaratdi. Markaziy Osiyoning transchegaraviy hududlarida iqlim bilan bog‘liq erta ogohlantirish va oldini olish choralarini jamoatchilik asosida kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo  mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga moslashish va tabiiy kapitalga asoslangan yashil o‘sishga erishishda sezilarli yutuqqa erishgani aytildi. Bilamiz, ushbu davlatlar tabiiy resurslarni transchegaraviy boshqarishda iqlim o‘zgarishiga chidamliligini yumshatish va moslashtirish bo‘yicha tarmoqlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqqan.

BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bir kunlik tadbirni Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqarorlik” loyihasi doirasida hamda Germaniya tomonidan moliyalashtirilgan “Yashil Markaziy Osiyo” GIZ tashabbusi – atrof-muhit, iqlim va suvga chidamlilikni oshirish bilan yaqin hamkorlikda tashkil etdi. “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqarorlik” loyihasi Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi transchegaraviy hudud bo‘lgan Farg‘ona vodiysida barqarorlik va iqlimga chidamli rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Loyiha doirasida yuqori boshqaruvga bag‘ishlangan turli treninglar tashkil etildi. Farg‘ona vodiysidagi iqlim beqarorligi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va tegishli moslashuv choralari xavfi o‘rtasidagi bog‘liqlik to‘g‘risida soha mutaxassislari xabardorligini oshirish maqsadida bazaviy tadqiqotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, loyiha doirasida uchta daryo havzasi tajriba sifatida tanlab olindi va Farg‘ona viloyatida barqarorlikni ta’minlash maqsadida iqlim bilan bog‘liq mavjud xavflar kiritildi.

Muloqot chog‘ida, shuningdek, Farg‘ona vodiysining milliy qismida suv resurslaridan barqaror foydalanishni yaxshilash uchun daryolar havzasini boshqarish rejalarini takomillashtirish asosiy tadbirlardan biri ekani qayd etildi.


Behruz Xudoyberdiyev,

Muhammad Amin (foto), O‘zA