O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanalida “Imkoniyati cheklangan shaxslar muammosi qay darajada hal etilmoqda?” mavzusida bo‘lib o‘tgan ovozli chatda kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga O‘zbekiston nogironlar jamiyati markaziy boshqaruv raisi Komil Abdullayev javob berdi.

— Nogironligi bor shaxslarni imtiyozli uy-joylar bilan ta’minlash borasida qanday ishlar yo‘lga qo‘yilgan?  

— Uy-joyga muhtoj nogironligi bor shaxslar ro‘yxati har bir tuman hokimligida turadi. Bu toifadagi shaxslar “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan ro‘yxatlar orqali shakllanadi. Ularning yashash sharoiti chuqur o‘rganilib, haqiqiy muhtojlarga uy-joy beriladi.

Joriy yilning 1 oktyabr holatiga 727 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs imtiyozli uy-joy bilan ta’minlandi. Uy-joyga muhtoj nogironligi bor shaxslar ehtiyojini hisobga olib, 2023 yildan boshlab ijtimoiy uylar qurilishini ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Ammo imtiyozli uylar berish masalasida muammolar ham yo‘q emas. Ko‘pincha nogironligi bo‘lgan shaxslar imtiyozli uy-joyga to‘lanadigan boshlang‘ich summani ham oylik to‘lovga qo‘shib yuborilsa, qulay bo‘lishi yuzasidan takliflarini bildirishadi. Kelgusida bu taklif ham inobatga olinsa, imkoniyati cheklangan insonlar uchun yaxshi bo‘lar edi.

—  3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan yurtimizdagi imkoniyati cheklangan shaxslarga tilaklaringiz.  

– Hamma qatori nogironligi bor shaxslarning ham orzu-havaslari bisyor. Ular ham orzulariga yetishishni istashadi. Niyatim imkoniyati cheklangan insonlar ko‘chalarda yurganda bemalol harakatlansin. Boshqalar qatori to‘y-tomoshalar qilib, o‘g‘lini uylantirish, qizini uzatib, nevaralar ko‘rish nasib qilsin. Qayerda ishlamasin ish haqlarini olishlarida, ishga kirishda ham hech qachon to‘sqinliklar bo‘lmasin. O‘zbekiston nogironlar jamiyati tomonidan barcha yurtdoshlarimga sog‘lik-omonlik tilayman.

Nigora Rahmonova,  

Nishonboy Abduvoitov(video), O‘zA