Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Qoriyev Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan soha vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya tomonidan “Gazprombank” AJ birinchi vitse-prezidentining maslahatchisi, Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sog‘liqni saqlash sohasini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha vakolatlar markazi rahbari hamda proton terapiyasi yo‘nalishida ilg‘or tibbiy texnika ishlab chiqaruvchilaridan bo‘lgan “IBA” kompaniyasi vitse-prezidenti bilan bo‘lgan mazkur uchrashuvda “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasteri doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda innovatsion farmatsevtik vositalarni mahalliylashtirish, radiofarmpreparatlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda klinik tadqiqotlar markazi va tibbiy gostipal uchun integratsiyalashgan elektron tizimini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bunyod etilayotgan klasterni borib ko‘rgan delegatsiya vakillari loyihaning miqyosiga, qurilish sur’atlari va foydalanishga topshirilishi kutilayotgan ob’ektlarga yuqori baho berib, uning innovatsionligi va mintaqa uchun ijtimoiy ahamiyatini alohida e’tirof etdi.

O‘zA