Meksikaning Kankun shahrida Xalqaro notariuslar ittifoqi Bosh assambleyasi hamda 30-Xalqaro notariuslar kongressi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston bundan bir yil muqaddam – 2021 yil 3 dekabr kuni Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zolikka qabul qilingan.

Kankun shahrida bo‘lib o‘tgan 30-Xalqaro notariuslar kongressida O‘zbekiston Notarial palatasi Xalqaro notariuslar ittifoqining 91-a’zosi etib qabul qilingani rasman e’lon qilindi va madhiyamiz sadolari ostida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi.

– Bu Yangi O‘zbekistonning nafaqat barcha notariuslari uchun, balki butun O‘zbekiston xalqi uchun katta g‘urur va iftixordir, – deydi O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov. – Bu voqea islohotlar to‘g‘ri amalga oshirilayotganining tasdig‘i, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.  O‘zbekiston bayrog‘i Kongressda ishtirok etayotgan 90 dan ortiq davlat vakillari tomonidan tik turgan holda, olqishlar bilan kutib olindi.

Kongressda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari D.Ashurov Yangi O‘zbekistonning notariati haqida taqdimot qilib, nutq so‘zladi.

Kongressda O‘zbekiston delegatsiyasiga Xalqaro notariuslar ittifoqiga a’zolik nishoni tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston notarial palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi turli uchrashuv va tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Xitoy, Yaponiya, Argentina, Meksika, Litva, Estoniya va boshqa davlatlar delegatsiyalari bilan alohida uchrashuvlarda kelgusida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Aytib o‘tish kerakki, notariat sohasida 2017 yilda boshlangan islohotlar bugun o‘z samarasini bermoqda. 2020 yil 22 yanvarda tashkil etilgan palata shu kungacha 928 nafar xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarni o‘z a’zoligiga qabul qilgan.

Xalqaro tajribani o‘rgangan holda “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilib, notariat sohasi to‘liq raqamlashtirildi. Mazkur tizimiga 15 dan ortiq turli davlat idoralari integratsiya qilindi.

Ushbu tizim tufayli barcha ma’lumot almashish “Yagona darcha” tamoyili ostida elektron tarzda amalga oshirilmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA