Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani hokimligi tomonidan xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Mehr daftari”ga kiritilgan, 18 yoshga to‘lgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 3 nafar yoshning har biriga xonadon xarid qilingani bu boradagi ezgu ishlarning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

Tuman hokimligida Nukus shahrida joylashgan, har birining qiymati 130 million so‘m bo‘lgan mazkur xonadonlarning kalitlari va hujjatlarini uy egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shaxsiy yoki meros qoldirilgan uy-joyi bo‘lmagan, shuningdek, joriy yilda uy-joyga muhtoj fuqaro sifatida ro‘yxatga olingan yoshlar endi uyli bo‘ldi. Shuningdek, tumandagi saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan homiylik yordami asosida televizor, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa maishiy buyumlar sovg‘a qilindi.

Yangi xonadon egalari ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga ko‘rsatayotgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA