Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash,  ijtimoiy sohada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Delegatsiya tarkibidan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Aholishunoslik jamg‘armasining Qirg‘izistondagi vakolatxonasi vakillari, loyihalar ishtirokchilari, “Xalqaro bag‘rikenglik uchun” jamg‘armasi xodimlari o‘rin olgan.

Mehmonlar tashrif davomida qishloq xo‘jaligi sohasidagi yirik tadbir –  «UzAgroExpo-2022» xalqaro ko‘rgazmasida qatnashdi.

Shuningdek, delegatsiya  a’zolari Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida FAOning “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” nomli loyihasi bilan ham tanishdilar.

Mehmonlar ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiya asosida qishloq aholisini barqaror daromad manbai bilan ta’minlayotgan issiqxonalar  imkoniyatiga baho berishdi. Shu bilan birga dunyoga mashhur “Oltiariq uzumi” yetishtiriladigan tumanga ham borib, mahsulotni yetishtirish va saqlash usullarini shaxsan o‘rganish imkoniga ega bo‘lishdi.

Gender tengligiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etilishi yana bir muhim  voqealikdir. BMT Aholishunoslik jamg‘armasi va O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida Namangan viloyati Kosonsoy tumanida tashkil etilgan mazkur tadbirda islom dinida ayolning mavqei, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish va boshqa ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi.

Tashrif davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni, do‘stlik aloqalarini mustahkamlash sari qo‘yilgan yana bir qadam bo‘ldi.

G. Abdullayeva,

O‘zA