Toshkentda joriy yil 30 noyabr – 2 dekabr kunlari “Ipak yo‘lida turizm – 2022” xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro viloyatidan 100 ga yaqin mehmonxona, 30 dan ortiq turistik kompaniyalar va ovqatlanish shoxobchalari, dam olish maskanlari vakillari, hunarmandlar va muzeylar, dam olish maskanlari qatnashdi.

Yarmarkada Rossiya, Indoneziya, AQSH, Isroil, Malayziya kabi davlatlar bilan kelishuv va shartnomalar imzolandi.

– Mahalliy hamda xorijiy hamkorlar bilan yangi-yangi g‘oya va loyihalar muhokama qilinib, bir qator kelishuvlarga erishildi, – deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Suxrob Bobokalonov.  – Boshqarma tomonidan ham Buxoroning turizm salohiyati faol targ‘ib qilindi. Jumladan, Tojikiston, Turkmaniston, Belarus Respublikasi hamda AQSH dagi turistik kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi. Unda Buxoroda so‘ngi yillarda tashkil etilgan turistik yo‘nalishlar va yangi infratuzilmalarning qo‘shni va xorijiy davlatlar tur kompaniyalari tur paketlariga kiritilishi, charter, Jakarta-Buxoro, Buxoro-Jidda reyslarining yo‘lga qo‘yilishi (bu bo‘yicha Buxorodagi “Toureast” turistik kompaniyasi Qozog‘istondagi “Air charter servis” bilan shartnomalar imzoladi) bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, respublikaning yetakchi turistik korxonalari bilan 2000 ga yaqin bitim kelishuvlar imzolandi. Birgina mehmonxonalar misolida oladigan bo‘lsak, Buxorodagi “Caravan Plaza” mehmonxonasi (bir mavsumning o‘zida) 500 ming AQSH dollarlik, “Sahid Zarafshon” mehmonxonasi 700 ming AQSH dollarlik, shuningdek, “Aziya Bukhara”, “Orient Star Varaxsha” mehmonxonalari ham 300 ming AQSH dollarlik shartnomalar tuzishga erishdi. Umumiy hisobda Buxoroning 80 dan ortiq joylashtirish vositalari 42 million AQSH dollarlik shartnomalar imzoladi. Bundan tashqari, Buxoro tumanidagi “Sheyxan” etno uyi, Romitandagi “Bukhara Desert Oasis&Spa” turistik klasteri, To‘dako‘l suv havzasidagi “Tudakul Resort” dam olish maskani rahbarlari umumiy hisobda 1 million 325 ming AQSH dollariga teng shartnomalarni imzolagan.

Buxoro viloyatining “Ipak yo‘lida turizm – 2022” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida imzolangan  kelishuvlari summasi salkam  80 million AQSH dollarni tashkil etmoqda. Shuningdek, “Caft fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasida Buxoro viloyatidan kandakorlik, zargarlik, zardo‘zlik, qorako‘l teri, kashtachilik, milliy liboslar, pichoqchilik, miniatyura san’ati, kulolchilik, patdo‘zlik yo‘nalishlari bo‘yicha 14 nafar hunarmand ishtirok etdi. Unda  ham bir qator shartnomalar imzolandi. Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi tomonidan ham respublika va xorijiy davlatlar tashkilotlari bilan 300 ga yaqin shartnoma imzolandi.

 

Zarif Komilov, O‘zA