Marokash davlatining Rabot shahrida bo‘lib o‘tayotgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi O‘zbekiston uchun muhim madaniy voqelikka aylandi. Mamlakatimiz tashabbusi bilan ikkita ko‘p millatli element Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.

Dastlab Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda “Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish” nomli birinchi fayl taqdim etildi. “Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari” deb nomlangan ikkinchi nominatsiya O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan.

Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekistonning “UNESCO” ishlari bo‘yicha milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov ta’kidlashicha, davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizning boy nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish va ko‘paytirish yo‘lida tizimli ish olib borilmoqda. Yana ikki an’anamiz maxsus ro‘yxatdan joy olishi buning yaqqol dalili. Ayni yo‘nalishda O‘zbekistonning “UNESCO”dagi doimiy vakili Umid Shodiyevning sa’y-harakati alohida tahsinga sazovor.

Taqdimot davomida madaniyatlarni boyitish, mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga oid unsurlarning tarixiy o‘rni va ahamiyatini atroflicha ochib beruvchi videofilmlar namoyish etildi. Ishtirokchilar ipak yetishtirish bilan bog‘liq an’anaviy texnologiya, keyingi yillarda O‘zbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga alohida e’tibor qaratdilar. Ayniqsa, aholi orasida mashhur va sevimli folklor qahramoni sanalgan Xo‘ja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan noyob haykali ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Eslatib o‘tamiz, Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu ro‘yxatga “Baxshi”, “Lazgi”, “Palov”, “Askiya”, “Miniatyura”, “Navro‘z”, “Shoshmaqom” kiritilgan. Atlas va adras tayyorlashga doir an’anaviy texnologiyani asrash bo‘yicha Marg‘ilon hunarmandlikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash bo‘yicha yetakchilar reyestridan joy olgan.
Ma’lumot uchun aytish o‘rinli, endi yangi elementlar xalqaro miqyosda butun insoniyat merosining ajralmas qismi sifatida tavsiflanadi. Bu nomoddiy madaniy merosning ushbu turlarini e’tirof etish va keng targ‘ib qilishni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, “UNESCO” ushbu elementlarni turli loyihalar amalga oshirish orqali targ‘ib qiladi.

Sessiya 3 dekabrgacha davom etadi.

O‘zA