Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Finlandiya – Markaziy Osiyo parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Kimmo Kilyunen boshchiligidagi Finlandiya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Muloqotda O‘zbekiston va Finlandiya parlamenti o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Delegatsiya a’zolariga keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati xususida batafsil ma’lumot berildi. Mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalar ish uslubi, parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.

O‘z navbatida janob Kilyunen Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekiston nafaqat mintaqada, balki jahon maydonida sezilarli darajada yuksalayotganini yuqori baholadi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Finlandiya ta’lim tizimi, birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar, istiqboldagi rejalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar parlamentlar aro munosabatni mustahkamlashga kelishib oldi.

Shu kuni delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Finlandiya bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi vakillari bilan ham uchrashdi.

Suhbat chog‘ida parlamentlararo aloqa ikki tomonlama munosabatning muhim tarkibiy qismi ekani ta’kidlandi. Ayni yo‘nalishdagi hamkorlikni izchil davom ettirish va kengaytirib borish sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Muloqot yakunida tomonlar nafaqat parlamentlar aro, balki boshqa soha va yo‘nalishlar bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashish orqali tegishli chora-tadbirlar amalga oshirishga kelishib oldilar.

G.Sattorova,
O‘zA