Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, tovar va moliya bozorlarida raqobatni yanada rivojlantirish, yangi ishtirokchilarni erkin kirib kelishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlar uchun 185 turdagi litsenziya va ruxsat berish tartib-tamoyillari qisqartirildi yoki soddalashtirilgan.

Monopoliyalar, shu jumladan tabiiy monopoliyalarning 6,7 mingdan ortiq turli raqobatga zid harakatlari bartaraf etildi, natijada 42 mingga yaqin tadbirkorlarning 554 milliard so‘mlik manfaatlari himoya qilindi.

Davlat organlarining, shu jumladan mahalliy hokimiyat organlarining 3,2 mingdan ortiq turli raqobatga zid qarorlari bekor qilindi.

bugungi kunda yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjatda “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlar birlashtirildi. Yangi qonun loyihasi 9 ta bob, 52 ta moddadan iborat.

Matbuot anjumanida jurnalistlar yaqinda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “Online Mahalla” axborot tizimini yaratish uchun 8,4 milliard so‘m ajratgani bo‘yicha mutaxassislarga yuzlandi.

Nega onlayn platforma 8,4 milliard so‘m ajratilgani, “Online Mahalla” platformasini ishlab chiqish uchun IT-kompaniyani tender o‘tkazmasdan, istisno tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlash haqidagi Vazirlar Mahkamasi qarori nega ochiq e’lon qilinmagani bo‘yicha savol berildi.

– Bu jarayon qonunchilik bilan taqiqlanmagan, ya’ni “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 71-moddasiga ko‘ra, Prezidentda, hukumatda shunday vakolatlar bor, – deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi departament direktori Mirzohid Komilov. — Bu vakolatlardan foydalangan holda jamiyat, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik ishlarini amalga oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarga ruxsat beriladi. Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar soni jami xaridlarning 50 foizdan yuqorisini tashkil qiladi. Joriy yilning 9 oylik yakunlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar 50 foizdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Jami davlat xaridlarining yarmidan ko‘pi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarga to‘g‘ri kelishining boshqa sababi ham bor. 2018 yil 27 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida 44 dan ziyod tovarlar ro‘yxati belgilangan.

Mazkur ro‘yxatlarga kiritilgan tovarlarning operativ ravishda xaridlarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat berilgan. Qolaversa, respublikamiz hududida ishlab chiqaruvchilar va yagona yetkazib beruvchilar reyestri yuritiladi. Mana shu davlat reyestriga kiritilgan tadbirkorlardan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar amalga oshirilgan.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA