Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyoda OIV infeksiyasidan aziyat chekayotgan 40 millionga yaqin bemor bor. Ular soni yiliga o‘rtacha 1,5 million nafarga ko‘paymoqda. Eng yomoni, xastalik har yili 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin bo‘lyapti.

Umuman, Yer yuzida OITS epidemiyasi boshlangandan buyon 75 million odam ushbu dardga chalinib, 32 million nafardan ortig‘i vafot etdi.

Bunday xavotirli ko‘rsatkichlar mazkur yuqumli kasallik insoniyat salomatligi uchun naqadar jiddiy tahdid ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, OIV va OITS butun dunyo hamjihatlikda kurashishi lozim bo‘lgan global muammodir.

Shu bois har yili sayyoramizda 1 dekabr sanasi “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanib, bu davrda xastalikning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari yanada kuchaytiriladi.

Tahlillarga ko‘ra, infeksiya 75 foizdan ortiq holatlarda 25-49 yoshli kishilar o‘rtasida uchramoqda. Kasallik profilaktikasi va unga qarshi kurashish tadbirlarini rejalashtirish hamda amalga oshirishda uning yuqish omillarini aniqlash muhim hisoblanadi.

So‘nggi yillarda butun dunyoda OITSning jinsiy yo‘l bilan yuqish darajasi ortib bormoqda. Bu holat, afsuski, mamlakatimizda ham kuzatilyapti. Masalan, o‘tgan yili ro‘yxatga olingan bemorlarning 74,3 foiziga kasallik jinsiy aloqa yo‘li orqali yuqqanligi gumon qilingan.

— JSST tomonidan bemorlarni virusga qarshi davolash kasallikning bosqichidan qat’iy nazar, u aniqlangan kundan boshlanishi zarurligi tavsiya etiladi, — deydi Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori o‘rinbosari Gulifor Normuratova. — Yurtimizda OIV infeksiyali bemorlarning 79 foizi antiretrovirus muolajalar bilan qamrab olingan. Ular uchun zarur preparatlar xarajatlarining qariyb 80 foizi Davlat byudjeti mablag‘lari, qolgan 20 foizi esa xalqaro fondlar hisobidan qoplanmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizda OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarni 6 oylik bo‘lgunga qadar sun’iy sut aralashmalari bilan ta’minlash masalasi 2023 yilgacha hal etilgan.

Ayni paytda mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish va sohani takomillashtirish maqsadida alohida Davlat dasturi loyihasi tayyorlangan.

Unga muvofiq, kelgusi yildan boshlab sun’iy sut aralashmalarini xarid qilish, bemorlarni antiretrovirus dori vositalari bilan kasallik aniqlangan zahoti qamrab olish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Umuman, hozirgi kunda mamlakatimizda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyasi faoliyat olib boryapti. Ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari bo‘lsa, 63 tasi tumanlararo laboratoriyalardir.

O‘zA