Olimlar koronavirus pandemiyasi insoniyat boshiga tushgan so‘nggi ofat emasligini qayta-qayta ta’kidlashmoqda. Pandemiyalar o‘tmishda ham bo‘lgan aniq va kelgusida ham bo‘lish ehtimoli yuqori. Faqat navbatdagi pandemiya qachon bo‘lishi va uning qayerdan boshlanishi hozircha noma’lum.

Darhaqiqat, olimlarning ta’kidlashicha, Ebola yoki koronavirusning yangi shtammini o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan virusli pandemiyalarning paydo bo‘lishi uchun mos joylar bor ekan. Ya’ni, xalqaro tadqiqotchilarning fikricha, iqlim o‘zgarishi Arktikani yangi pandemiyalar uchun ko‘payish maydoniga aylantirishi mumkin.

Kanadalik olimlar va ularning bir guruh hamkasblari Arktika doirasining shimolidagi hajmi bo‘yicha eng katta ko‘l bo‘lgan Xazen ko‘lidan tuproq va ko‘l cho‘kindilarini o‘rganishdi. Namunalarda topilgan DNK va RNK segmentlarini ketma-ketlashtirish orqali tadqiqotchilar atrof-muhitda mavjud bo‘lgan viruslar havzasini, shuningdek, ularning tarqalish imkoniyatlarini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, muzliklarning erishi natijasida suv oqimining ko‘payishi viruslarning tarqalish xavfini ham oshirar ekan. Bu degani jonivorlardan va boshqa tashuvchilardan odamlarga yuqishi ehtimoli ham ortadi. Viruslarni kontekstuallashtirish uchun kompyuter algoritmi yaqin kelajakda nima bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Birinchidan, iqlim o‘zgarishi hayvonlarning ayrim turlarini shimolga ko‘chib o‘tishga majbur qiladi, u yerda ular mavjud virusli infeksiyalarga duch keladi va keyin ularni odamlarga uzatadi. Natijada insoniyatga hali noma’lum bo‘lgan mutlaqo yangi kasalliklarga duch kelishi mumkin. “Iqlim o‘zgarishi bilan Arktika mikrobiosferasining metabolik faolligi ham o‘zgaradi, bu esa, o‘z navbatida, ko‘plab ekotizim jarayonlariga, masalan, yangi patogenlarning paydo bo‘lishiga ta’sir qiladi”, deya ta’kidlaydi tadqiqotchilar. Agar iqlim o‘zgarishi potensial virus vektorlari va suv omborlari turlarini shimolga siljitsa, Arktika yangi pandemiyalar uchun unumdor maydonga aylanishi mumkin.

Xonsyu orolida  qordan elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda

Yaponiyaning Xonsyu oroli shimolida joylashgan Aomori shahri hokimiyati qor yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Nikkey gazetasining xabar berishicha, yangi texnologiya yordamida amaliy tajriba dekabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Mazkur tajriba texnologiyani ishlab chiqqan Tokio elektr aloqa universiteti bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Uning uchun shahar hokimiyati yopiq maktabda suzish havzasini ajratdi. Ko‘chalarni tozalash paytida to‘plangan qor hovuzga tashlanadi, uning ichiga sovutgichli quvurlar yotqiziladi. Qurilmaning qor bilan sovutilgan qismi va tashqi havo hamda quyosh tomonidan isitiladigan qismi o‘rtasidagi sovutgich haroratining farqi tufayli sovutgichning konvektiv oqimi hosil bo‘ladi. U elektr energiyasi ishlab chiqaradigan turbinani aylantiradi.

Tokio elektrotexnika aloqalari universiteti professori Koji Enokining hisob-kitobiga ko‘ra, elektr energiyasini ishlab chiqarishning bu usuli samaradorligi quyosh panellaridan foydalanishdan ko‘ra  yuqori bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun qordan foydalanish ekologik jihatdan ancha qulaydir. Tajriba keyingi yilning martigacha davom etadi. Kelgusida ishlab ixtirochilar sovutgichni isitish uchun nafaqat tashqi havo va quyoshdan, balki issiq yer osti manbalari issiqligidan ham foydalanish orqali texnologiya samaradorligini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu tizim ichidagi harorat farqini kengaytiradi va shunga mos ravishda uning samaradorligini oshiradi. Xuddi shunday texnologiya Yaponiyaning Mitsui O.S.K yuk tashish kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Smartfonlar ko‘priklarning qachon qulashini aytib beradi

Smartfonlar ko‘priklarning qulashini bashorat qilishni o‘rgandi. Massachusets texnologiya instituti olimlari ko‘priklarning qulashi haqida ogohlantiruvchi va, hattoki, oldini oladigan Android ilovasini yaratdi. Tadqiqot natijalari Communications Engineering jurnalida chop etilgan bo‘lib, ushbu ilova ikkita texnologiyadan foydalanadi. Birinchisi, smartfonga o‘rnatilgan akselerometr bo‘lib, uning yordamida dastur smartfonning avtomobildagi holatini kuzatib boradi va past chastotali tebranishlarni aniqlaydi. Ikkinchisi – GPS modulidan iborat. U bitta ko‘prikdagi mashinalar sonini kuzatib borish uchun kerak. Ixtirochilar o‘z ilovalari ma’lumotlarining to‘g‘riligini Oltin darvoza ko‘prigida o‘rnatilgan maxsus sensordan olingan ma’lumotlar bilan sinab ko‘rdi.

Xo‘sh, qanday qilib qulashning oldini olish mumkin? Birinchidan, agar ilova ko‘prikda juda ko‘p mashina borligini sezsa, uni tezda tark etishingizni maslahat beradi. Ikkinchidan, dastur olgan ma’lumotlar ta’mirlash xizmatlariga yuborilishi mumkin. Buning natijasida nosozliklarni tezroq aniqlash va tuzatish mumkin bo‘ladi. Olimlarning fikricha, ularning dasturi ko‘priklarning ishlash muddatini 15-30 foizga oshiradi. Kelajakda ijodkorlar o‘z dasturlarini sotishni rejalashtirmoqda.

Wi-Fi o‘rnini quyosh nuri egallaydi yoki янги texnologiya haqida ikki og‘iz…

Saudiyalik tadqiqotchilarning aytishicha, quyosh nurini qutblashtira oladigan aqlli oynalar Wi-Fi ga kam quvvatli muqobil bo‘lishi mumkin. KAUST  universiteti tadqiqotchilari aqlli shisha tizimini ishlab chiqdilar, deb yozadi  Alpha Galileo. U quyosh nuri orqali o‘tadigan nurni modulyatsiya qiladi va keyin xonadagi qurilmalar tomonidan olinadigan ma’lumotlarni kodlaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, ma’lumotlarni yuborish uchun quyosh nuridan foydalanish oddiy Wi-Fi  bilan solishtirganda muloqot qilishning yanada yashil usulini ta’minlaydi. Hozirda jamoa ikki qismli quyosh nuri aloqa tizimini ishlab chiqdi. “Shisha yuzasiga joylashtiriladigan yorug‘lik modulyatori va xonaga o‘rnatilgan qabul qilgich mavjud”, deydi tadqiqotchi Usama Amin. “Modulyator –  bu ikki elementli suyuq kristall panjurlar deb nomlanuvchi biz taklif qilayotgan aqlli shisha elementlar to‘plami.” Signallarni uzatiladigan yorug‘likka kodlash uchun filtr vazifasini bajaradigan suyuq kristalli eshiklar majmuasi ishlashi uchun atigi 1 vatt quvvat talab qilinadi. To‘ldirish uchun kichik quyosh paneli mos keladi. “Aloqa tizimi modulatorning yon tomonidagi kiruvchi quyosh nurlarining qutblanishini o‘zgartirish orqali ishlaydi. Qabul qiluvchi uzatilgan ma’lumotlarni dekodlash uchun ushbu o‘zgarishni aniqlay oladi “, – deya aniqlik kiritadi mutaxassis. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ular yaratgan texnologiya soniyasiga 16 kilobit tezlikda ma’lumotlarni uzata oladi. Endi ular sinov prototipini amalga oshirish uchun zarur jihozlarga buyurtma berishmoqda. Kelajakda ma’lumotlar uzatish tezligini kilobitdan megabit va sekundiga gigabitgacha oshirishni rejalashtirmoqda.

Marsda ulkan okean izlari topildi

U taxminan 3,5 milliard yil oldin mavjud bo‘lgan va Qizil sayyoraning shimoliy yarim sharida joylashgan.

Yaqinda Pensilvaniya universiteti va Kaltek universiteti olimlari Mars yuzasida qadimiy okean mavjudligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etdi. Buning uchun ular qalinligi kamida 900 metr va maydoni yuz minglab kvadrat kilometr bo‘lgan cho‘kindi konlari bo‘lgan ulkan qirg‘oq chizig‘ini o‘rgandilar.

Sciyencye Alert jurnalining yozishicha, tadqiqotchilar orbitallardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, Aeolis Dorsa hududining topografik xaritasini tuzdilar. Bu Marsning chuqurga o‘xshash hududi, kengligi taxminan 500 km va uzunligi 900 km. Sharq va g‘arbdan 2 km balandlikdagi tekisliklar, janubdan tik yon bag‘irlari bilan o‘ralgan. Mutaxassislar 6500 km dan ortiq ochiq daryo tizmalari xaritasini, qadimgi daryo kanallarining joylashuvini ko‘rsatadigan relef shakllarini tuzdilar. Ularning ko‘pchiligi yagona tarmoqli tizimlarga birlashtirilishiga muvaffaq bo‘ldi. Qadimgi oqimlarning yo‘nalishlarini o‘lchash va ularning stratigrafik ma’lumotlari qirg‘oq chizig‘i tarixini okean miqyosida qayd etish imkonini berdi. Suv shimoldan janubga chekinganda, bu chiziq oxir-oqibat vertikal ravishda kamida 900 m ga ko‘tarildi. “Aeolis Dorsadagi qoyalar okean qanday bo‘lganligi haqida qiziqarli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi”, deydi Benjamin Kardenas, Pensilvaniya shtat universiteti geofanlari kafedrasi dotsenti. – U o‘zgaruvchan edi. Dengiz sathi sezilarli darajada ko‘tarildi. Uning havzalari bo‘ylab katta tezlikda toshlar to‘plangan. Bu yerda juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi”, deydi u.

NASA NUJlarni qidirish uchun alohida guruh tashkil qildi

So‘nggi paytlarda olimlar noma’lum uchar jismlarni (NUJ) o‘rganish bilan jiddiy shug‘ullana boshladilar. Yaqinda NASA NUJlarni qidirish chun 16 kishidan iborat maxsus jamoa tashkil qildi. Guruh qidiruv ishlarining dastlabki natijalarini 2023 yilning o‘rtalarida e’lon qilishga va’da bermoqda.

NUJlar haqida matbuotda har doim yangiliklar o‘qib turamiz yoki eshitamiz. Lekin ular haqiqatda borligiga odamzotni yaqqol ishontiradigan birorta dalil ko‘rsata olgani yo‘q. NASA guruhi esa aynan shu savolga uzil-kesil aniqlik kiritmoqchi, ya’ni ular o‘zga sayyoraliklar mavjud emasligini isbotlamoqchi.

Guruh Pentagonning sobiq xodimlaridan tashkil topgani aytilmoqda. Jamoa bir necha yo‘nalishda ish olib boradi. Birinchi yo‘nalish hukumat tomonidan tasniflanmagan ommaviy axborot vositalari va guvohlarning videolarini o‘rganish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish haqiqiy yozuvlardan soxtalarini farqlash. Uchinchisi, aniqlanmagan fazo hodisalarini, ya’ni  samolyotlar yoki tabiat hodisalari bilan bog‘lash mumkin bo‘lmagan hodisalarni o‘rganishdan iborat.

Ayni paytda mutaxassislarning qo‘llarida NUJ haqida yoki uning tasviri tushirilgan 400 dan ortiq hujjat bor. Ularning ko‘pchiligi hali o‘z izohini topa olgani yo‘q. Shuningdek, begona mavjudotlarning mavjudligi haqida hech qanday dalil ham yo‘q. Agentlikning ta’kidlashicha, ularning maqsadi o‘zga sayyoraliklar mavjudligini tasdiqlash emas, aksincha, NUJlar qayd etilgan har bir yozuv mantiqiy tushuntirishga ega ekanligini ko‘rsatishdir.

Darhaqiqat, NUJlarni qidirish guruhini yaratish haqidagi mish-mishlar 2022 yilning yozida tarqalgan edi. NASA komissiya tashkil etilishi haqidagi xabarni faqat oktyabr oyida e’lon qildi.

Xitoyliklar masofadan boshqariladigan kaptarni namoyish qildi, uning boshiga chip o‘rnatilgan

Implantatsiya qilingan qurilma quyosh energiyasida ishlaydi. Bu deyarli ikki soat davomida qushning parvozini boshqarish imkonini beradi. Chip qushning miyasiga joylashtirilgan. U orqa va bo‘yniga biriktirilgan quyosh batareyasi orqali quvvatlanadi. Biotibbiyot muhandisligi jurnali Kaptarlarni boshqarish tizimi Shandun fan va texnologiya universiteti xodimlari tomonidan yaratilganini ta’kidlamoqda.

South China Morning Post gazetasining yozishicha,  olimlar o‘z tajribalarida qushni o‘ngga yoki chapga burilish kabi oddiy buyruqlarni bajarishga majbur qilishdi. Qushning ishlash aniqligi 80-90 foizga yetdi. Dastlab miyaga o‘rnatilgan chip kaptarni 45 daqiqadan ko‘proq vaqt davomida boshqarishga imkon berdi. Shundan so‘ng, batareya quvvati  tugadi. Qurilmaning elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammosini hal qilish uchun qushga kichik quyosh batareyasini ulashga qaror qilindi. Hajmi bo‘yicha u smartfon ekranining yarmiga teng. Quyosh batareyasi parvozni boshqarish vaqtini ikki soatgacha oshirish imkonini berdi. Albatta, qush har doim ham olimlarning signallariga javob beravermagan. Ba’zida u charchoq yoki boshqa chalg‘itishlar tufayli qarshilik ko‘rsatgan. Ammo, umuman olganda, implantatsiya qilinadigan miya tizimining ishi yaxshi natijalarni ko‘rsatdi. Avvalroq xitoylik muhandislar ornitopter, ya’ni qushga o‘xshagan va qanotlarini qoqib uchadigan dron yaratgan edi. Olimlarning ushbu ishlanmasi parvoz uzluksizligi bo‘yicha rekordni qayd etdi.

Olimlar kelajakka Windows  10 noutbuki bilan nazar tashlamoqda

Olimlar endi ob-havoni, asteroidlar harakatini, chaqmoq urishini va hujayralar bo‘linishini soniyalarda bashorat qilishi mumkin. Ilgari bu vazifalar uchun superkompyuterlar kerak edi.

Xullas, olimlar juda cheklangan tarzda bo‘lsada, muvaffaqiyatga erishdilar. Buning uchun ularga faqat Windows 10 noutbuki kerak edi. Ogayo shtati universiteti tadqiqotchilari fazo-vaqt xaotik tizimlarning harakatini bashorat qiluvchi neyron tarmoqni yaratdi. Misol uchun, ushbu algoritm ob-havoni, asteroidlar harakatini, chaqmoq urishini, hujayra bo‘linishini, umuman oldindan aytish qiyin bo‘lgan barcha narsalarni aytib berishi mumkin. Bunday tizimlar allaqachon mavjud edi, lekin ularning ishlashi uchun ulkan superkompyuterlar kerak edi. Yangi eksperimentda ular 240 000 marta tezroq ishlaydigan va 1250 marta kamroq hisoblash quvvatini talab qiladigan “hamma ko‘ruvchi neyron tarmoq” yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu Windows  10 o‘rnatilgan noutbukda sun’iy intellektni ishga tushirish imkonini berdi. Hozir neyron tarmoq o‘rgatilmoqda. Hali ham aniqroq bashorat qilish uchun o‘qitilmoqda. Olimlarning fikricha, kelajakda tizim fazo-vaqt modellarini mustaqil ravishda modellashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Oddiy so‘zlar bilan aytganda, neyron tarmoq nafaqat ob-havoni, balki butun sayyora va insoniyat kelajagini ko‘rsata oladi.

LG  saqich ekran yaratdi: u bukilishi, qayrilishi va  cho‘zilishi  mumkin

Bundan tashqari, uni maydalash va o‘rash ham mumkin. Ekran o‘lchami 20 foizgacha kengayadi. Hozircha LG  faqat bitta suratni namoyish qildi. Bunday ekranlardan siz kiyim-kechak yoki taqiladigan elektronika qilishingiz mumkin. “Aniqlik kiritamizki, bu shunchaki egiluvchan, yig‘iladigan yoki taxlanadigan ekran emas. Bu har tomonlama tortilishi mumkin bo‘lgan to‘liq rezina materialdir”, deydi mutaxassislar.

Yangi ixtiro haqida hozircha quyidagilar ma’lum bo‘ldi:

  • diagonali 12 dyuym;
  • 14 dyuymgacha cho‘zilishi mumkin;
  • Piksel zichligi – 100 ppi;
  • 40 mkm o‘lchamli LEDlar – tashqi yuklamalarga bardosh beradi.

Kompaniya ekranning asosini kontakt linzalariga o‘xshab ketadigan maxsus material tashkil etishini aytdi. LED kontaktlari buzilmaydi, chunki ular tekis iplar emas, balki prujina tuzilishiga ega.

Umuman, LG mutaxassislari 2020 yildan buyon noodatiy ekranlarni ishlab chiqarish bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda. Kompaniya tadqiqotlar 2024 yilda yakunlanishini ma’lum qilgan. Keyin esa to‘laqonli gadjetlarni ishlab chiqarishga kirishiladi.

Avvalroq LG  shaffofligi 45 foizni tashkil etadigan OLED-displeylarini namoyish qilgandi.  Ular kiyim-kechak do‘konlarida aqlli peshtaxta sifatida ishlatib ko‘rildi, shuningdek, bunday displeylar Janubiy Koreyada jamoat transporti oynalariga ham o‘rnatilgan.

5G  tezligi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi

Tajriba Avstraliyaning qishloq joylarida amalga oshirildi. Sinov davomida 5G  tarmog‘ida 10 km masofada ma’lumotlarni uzatishning rekord tezligiga erishish mumkin bo‘ldi.

Samsung kompaniyasi aloqa sohasidagi yutuqni e’lon qildi. Sinovlar Avstraliya davlat korporatsiyasi NBN Co bilan hamkorlikda o‘tkazildi. O‘rtacha pastga ulanish tezligi 1,75 Gbit / s, yuqoriga ulanish esa 61,5 Mbit /sni tashkil etdi. Shu bilan birga, yuklashning eng yuqori tezligi radiostansiyadan 10 km masofada 2,7 Gb / s ga yetdi. “Ushbu yangi 5G  rekordi mmWave texnologiyasining ulkan salohiyatini va qishloq joylarida 5G tarmog‘i muammolarini hal qilish uchun kengaytirilgan ulanish va imkoniyatlarni ta’minlash qobiliyatini isbotlaydi”, deydi Samsung Elektroniksning ijrochi vitse-prezidenti va tarmoq biznesi ilmiy-tadqiqot bo‘limi rahbari  Junxi Li.

Xpeng kompaniyasi tez orada Aeroht uchar avtomobilini ishlab chiqara boshlaydi

Xitoyning Xpeng kompaniyasi taqdimot o‘tkazdi, unda yangi avlod Aeroht uchuvchi apparati namoyish etildi.

Ishlab chiqaruvchi juda ko‘p chiroyli fotosuratlar va videolarni namoyish etdi, ammo yangilikning narxi va xususiyatlari haqida hech narsa aytmagan. Kompaniyaning qisqacha bergan  ma’lumotlariga ko‘ra, ular eng maqbul va qulay uchar avtomobillarni ishlab chiqaradi.

Ommaviy ishlab chiqarish uchun yakuniy yechimga juda yaqin qolgan. Xpeng Aeroht parvoz sinovlaridan hamda dvigatel nosozligi sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgani aytilmoqda. Taqdimotda ular bu “haqiqiy” uchuvchi mashina ekanligini va boshqa kompaniyalar vakili bo‘lgan odam uchun katta dron emasligini isbotladi. Xpeng Aeroht  haqida yana nimalar ma’lum:

• Yo‘lda ham ucha oladi, ham qo‘na oladi;

• Parvozni boshqarish uchun kalitga ega;

•Vertikal ko‘tarilishi, tushishi, havoda uchishi mumkin;

• Korpusning tepasida buklanadigan parraklari bor.

Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, ularning yechimi xususiyatlar bo‘yicha har qanday klassik avtomobil bilan kuchli raqobatlasha oladi. Xpeng mashina qachon sotuvga chiqishi haqida ma’lumot bermadi. Qurilmaning taxminiy narxi ham noma’lum. Eng muhimi, kompaniyadagilar mashina albatta o‘z xaridorini topishiga shubha qilmayapti.

Kelajak yo‘llari svetoforsiz bo‘ladi

Muhandislar svetoforni butunlay yo‘q qilishning ikkita usulini taklif qilishmoqda, ya’ni ulardan xalos bo‘lishning ikki yo‘li mavjud ekan.

Olimlarning fikricha, halqa yo‘llar samaraliroq. Muhandislar keltirayotgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, aylana yo‘llar svetofor bilan kesishgan chorrahalarga qaraganda ancha xavfsizroq. “Halqalar”dagi baxtsiz hodisalar soni taxminan 37 foizga kam, bu ularni shahar sharoitida xavfsizroq va samaraliroq qiladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “halqalar” svetoforlar bilan kesishgan chorrahalarga qaraganda arzonroq.

Ma’lumki, kelgusida avtopilotli aqlli avtomobillar ko‘payib boraveradi. Ular bir-biriga xalaqit bermaslik uchun qo‘shni avtomashinalar bilan sinxronlasha oladi va harakat bo‘yicha o‘zaro kelishib oladi. Kelajakda yo‘l Internet-mashinalari paydo bo‘ladi.

Xalqa yo‘llarda haydovchilar deyarli to‘xtamasdan harakatlanishlari mumkin bo‘ladi. Tasavvur qiling, chorraha bor, lekin svetofor yo‘q. Shuningdek, avtohalokatni yuzaga keltirmaslik uchun aqlli avtomobillar bir-biridan o‘tib keta oladi.

Internet materiallari asosida

Saidmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA