Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 aprelda “2019–2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida izchil siyosat amalga oshirilmoqda.

Ana shunday talablar asnosida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari yopiq siklli iqtisodiyot ekologik muammolarni hal qilishi mumkinligini ta’kidlaydi.

PMTI katta ilmiy xodimi Dilyara Sultanova yopiq siklli iqtisodiyotni rivojlantirishning afzalliklari va dunyo mamlakatlarining bu boradagi tajribasi tahlili haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

– So‘nggi yillarda dunyodagi ko‘plab mamlakatlar yopiq siklli iqtisodiyot ekologik muammolarni hal qilishning asosiy chorasi, deb hisoblamoqda, – dedi D.Sultanova. – Chunki u atrof-muhit ifloslanishining oldini olish bilan bir qatorda, resurslarni tejash, biologik xilma-xillikni asrash, ishlab chiqarish va iste’mol qilishning barqaror modellarini yaratish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ushbu yo‘nalishlarda innovatsiyalarni tatbiq etish, biznesni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Albatta, bu bejiz emas. Sababi, butun dunyoda chiqindilarning hosil bo‘lish sur’ati yil sayin oshib bormoqda. 2020 yilda jahonda jami 2,24 milliard tonna qattiq chiqindi hosil bo‘lgan. Uning atigi 17 foizi qayta ishlangan.

2050 yilga borganda, aholining tez sur’atlar bilan o‘sishi va urbanizatsiya tufayli yillik chiqindilarning vujudga kelishi 2020 yildagiga qaraganda 73 foizga oshib, 3,88 milliard tonnaga yetishi kutilmoqda.

Shu bois, dunyodagi qator mamlakatlar qattiq maishiy chiqindilarning hosil bo‘lishini kamaytirish va mahsulotlardan takroran foydalanish yoki ularni qayta ishlash uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.

Masalan, Niderlandiya 2030 yilga borib, resurslardan foydalanishni 50 foizga kamaytirishni, 2050 yilgacha chiqindilarsiz yopiq siklli iqtisodiyotga to‘liq o‘tishni maqsad qilgan. Fransiyada esa 100 foiz yopiq siklli iqtisodiyotga o‘tishga oid 50 ta chora-tadbirni o‘z ichiga olgan Yopiq siklli iqtisodiyotning yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston ham mamlakatda yopiq siklli iqtisodiyotni tatbiq etish va rivojlantirishga harakat qilayapti. 2019 yilda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratishni nazarda tutuvchi “2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” tasdiqlangan.

Strategiyada hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta’minlash, o‘ziga xos xususiyatga ega qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish va chiqindi poligonlarida ko‘mib yuboriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgacha kamaytirish kabi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish ko‘zda tutilgan.

Bunday chora-tadbirlar esa hududlarning ekologik xavfsizligini ta’minlash, resurslarni tejash va chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, QMCH bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.