Temuriylar tarixi davlat muzeyida “MDH muzeylarida Yevroosiyo merosi” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridan 40 dan ziyod vakil, muzeyshunos va tarixchi olimlar ishtirok etmoqda.

Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad MDH, jumladan, O‘zbekistonda sohani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, mavjud muammolar, istiqbolli mavzular bo‘yicha mutaxassislar o‘rtasida uzviy muloqot tashkil etish hamda muzeylar aro hamkorlikni jadal rivojlantirishdan iborat.

Tadbir doirasida “Yevroosiyo mintaqasi bo‘ylab o‘tmishdan kelajakka”, “Yevroosiyo sivilizatsiyasi kelib chiqishidan milliy an’analargacha” hamda “Innovatsion yondashuv va nashriyot loyihalari” mavzularida davra suhbati o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, muzey xodimlari o‘z faoliyati haqida qisqacha gapirib, foto va video material asosida tayyorlangan taqdimotlar namoyish etishadi.

Shuningdek kelgusi hamkorlik uchun yo‘nalishlar belgilab olinadi, muzeyshunoslik ishini takomillashtirish, eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi. Madaniy hayotni boyitishga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalar tahlil etiladi, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yuzasidan muzokara olib boriladi.

– Yettinchi bor o‘tkazilayotgan bu konferensiya har yil turli davlatlarda tashkil etiladi, – deydi Rossiya dekorativ san’at muzeyi direktori Yelena Titova. – Bu tadbir muzey sohasida faoliyat yuritayotgan professor olimlar, ilmiy xodimlarni bir davraga jamladi. Uchrashuv ijtimoiy-madaniy sohada olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni tahlil qilish, o‘zaro tajriba va fikr almashish imikonini beradi. Ilmiy-amaliy anjuman davomida sakkiz mamlakatdan kelgan mutaxassislarning 40 ga yaqin ma’ruzasi tinglanadi. Shu o‘rinda aytish kerak, biz turli muzeylar va universitetlar bilan hamkorlikda ishlaymiz. Tabiiyki, O‘zbekistondagi muzeyshunos olimlar bilan ham doimiy aloqa o‘rnatilgan. Mamlakatingizda muzeylarni takomillashtirish, mamlakat tarixi, madaniyatini kelajak avlodga yetkazish bo‘yicha muhim ishlar qilinmoqda. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar allaqachon natija beratayotganiga guvohmiz. Muhtasham va go‘zal binolar qurilyapti, yetuk mutaxassislar tayyorlash, muzey xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha e’tirofga loyiq sa’y-harakatlar amalga oshirilgan. O‘zbekiston bilan ayni yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirishdan biz ham manfaatdormiz.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, hozir mamlakatimizda 132 ta davlat muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 7 ta muzey-qo‘riqxona mavjud. 2021 yil O‘zbekistondagi davlat muzeylariga ikki million uch yuz ming nafardan ziyod kishi kirgan. 2022 yilning to‘qqiz oyida bu ko‘rsatkich uch million yetti yuz mingdan oshdi.

Ilmiy-amaliy konferensiya uch kun davom etadi.

Go‘zal Sattorova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA