Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘ttiz sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, sektor va soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala “Yaylovlar to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni loyihasi to‘g‘risida Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi D.Utambetov ma’ruza qildi.

Shundan so‘ng deputatlar shahar va tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan subsidiyalar ajratilishida qonun hujjatlariga amal qilinish holati haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida, davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha  chora-tadbirlar to‘g‘risi”gi farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha Vazirlar Kengashining axboroti,  huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining hisoboti, shuningdek, Nukus shahridagi yettita mahalla fuqarolar yig‘inini “Chimboy guzari” mahalla fuqarolar yig‘ini namunasidagi obod hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida Nukus shahar hokimining hisoboti to‘g‘risidagi masalalarni muhokama etdi.

Sessiya kun tartibida shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ayrim qo‘mitalari tarkibiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA