5–10 dekabr kunlari O‘zbekistonda qozoq xalqining atoqli namoyandasi “Abay Qo‘nonboyevning merosi kunlari” o‘tkaziladi. Bu haqda Madaniy meros agentligi telegram kanali xabar bermoqda.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, Abay — Ibrohim Qo‘nonboyev — XIX asrning ikkinchi yarmida yashab, ijod etgan qozoq she’riyatining mash’ali, bastakor, faylasuf va qozoq yozma adabiyoti asoschisi, ma’rifatparvar shoiridir.

Abay o‘z ijodida Yassaviy, Navoiy, Fuzuliy an’analarini davom ettirgan. U Navoiyni o‘zining buyuk ustozi deb bilgan. Abay “Iskandar”, “Mas’ud” dostonlari, “Qorako‘z” falsafiy didaktik asari, “Qish”, “Burgutchi”, “Kuz” kabi she’rlari, “Azim rivoyati” dostoni, “Naqliya so‘zlar” (44 hikoyatdan iborat) majmuasi va boshqa asarlar muallifidir.

Qayd etish joizki, “Abay Qo‘nonboyevning merosi kunlari” doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, adib ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonning o‘rta va oliy o‘quv muassasalarida ikki davlatning taniqli shoir, yozuvchi va olimlari ishtirokida Abay hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ijodiy kecha, O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Abay” spektakli namoyishi, oliy o‘quv yurtlarining gumanitar fakultetlarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari ishtirokida Abay ijodiga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan birgalikda “Abay falsafasi va Markaziy Osiyo mutafakkirlari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etiladi.

Qolaversa, tadbirdan “XIX asrda o‘zbek va qozoq mutafakkirlarining umumiy tarixiy-madaniy merosi va dunyoqarashini mustahkamlash va rivojlantirish” mavzusidagi ilmiy konferensiya, Abay hayoti va ijodi haqida hujjatli film namoyishi ham o‘rin olgan.

Tadbir doirasida Toshkent, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida Abay ijodiga bag‘ishlangan madaniy-ijodiy kechalar tashkil etiladi.

“Abay Qo‘nonboyevning merosi kunlari” tadbirini o‘tkazishdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashdan iboratdir.


O‘zA