O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Kelajak kasblari” loyihasi tashkil etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar mazkur loyihada qatnashish uchun respublikamizdan 10 mingdan ortiq yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi.

Xo‘sh, “Kelajak kasblari” loyihasining maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Loyiha yoshlarga qanday imkoniyatlarni beradi? Bu kabi savollarimiz bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i Sardor Jo‘rayev quyidagilarni gapirib berdi.

– Xitoyliklarda shunday maqol bor: “Insonning qo‘liga bir dona baliq ber – u bir kun to‘q bo‘ladi, unga baliq tutishni o‘rgat – u butun umri davomida to‘q yuradi”. Shunday ekan biz ham yoshlarni bilim olishga, kasb tanlashga, har bir orzusiga o‘zi harakat qilib erishishiga o‘rgatishimiz kerak.

“Kelajak kasblari” loyihasining oliy maqsadi ham bilimli, mehnatsevar, zamonaviy kasb va xorijiy tilni puxta o‘zlashtirgan, hayotda o‘z o‘rnini topa oladigan yoshlarni shakllantirish va ularni puxta tayyorlashdan iborat.

Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 iyundagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 8-bo‘limi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarini o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi” doirasida o‘quv markazlari uchun qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoshlarga zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganish uchun imkoniyat yaratish, zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha yoshlarga sifatli va bepul ta’lim berish hamda zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan o‘quv markazlarining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash loyiha vazifalaridan hisoblanadi.

Loyihaga ko‘ra, ariza beruvchi “Yoshlar daftari”ga kirishi yoki “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha murojaat qilgan 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki ularning vakili hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi kerak.

O‘quv markazi – davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiq ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziya asosida yoki xabardor qilish tartibida ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘lishi lozim.

Loyiha doirasida yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarni o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha olti oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdori (BHM – 300 ming so‘m)ning 4 baravarigacha miqdorda yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA