Orol fojiasiga qarshi kurashish uchun bugungi kunda butun dunyo jamoatchiligi diqqatini jamlash, kuchlarni birlashtirish zarurligi ayon.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orol fojiasi salbiy oqibatini kamaytirish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilayotgani ham bejiz emas. Ayniqsa, bu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan qator loyihalar samara bermoqda.

BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlari va qirg‘oq bo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” ana shunday loyihalardan biridir.

Bugun poytaxtimizda Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, umumiy qiymati 4 million dollarni tashkil etadigan ushbu loyiha Orolbo‘yi mintaqasi ko‘llari, suv-botqoq hududlarini saqlash va barqaror boshqarish bo‘yicha olib boriladigan amaliy ishlarni qamrab oladi.

Ma’lumki, suv-botqoq hududlari jahondagi biologik xilma-xillikning noyob ko‘rinishi, juda qimmatli ekotizim hisoblanadi. bugungi kunda Orol dengizi havzasida ham ko‘llar, botqoq hududlar va qirg‘oq ekotizimi saqlab kelinmoqda. Ko‘chmanchi qushlarning ko‘plab turlari uchun O‘zbekiston juda muhim uchish yo‘lida joylashgan. Masalan, Sudoche, Dengizko‘l, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qishlovchi-ko‘chmanchi qushlarning asosiy uyalash makoni hisoblanadi.

Loyiha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni, asosiy biologik xilma-xil va asosiy ornitologik hududlar atrofidagi mahsuldor landshaftlarni, yer va suv resurslarini kompleks boshqarishga qaratilgan. Shu bilan birga tuproq degradatsiyasining oldini olish orqali Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasi hududida ekotizim barqarorligini mustahkamlash, turmush sharoitini yaxshilashdan iborat.

Loyiha O‘zbekistonning janubi va janubi-g‘arbida joylashgan Amudaryoning quyi oqimi, Orol dengizi havzasi hududlarida amalga oshiriladi. Ayni hudud ma’muriy jihatdan Buxoro viloyatining Olot, Qorako‘l tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlarini o‘z ichiga oladi. Bu joylarda tabiiy ekotizim, ya’ni botqoqlar, ko‘llar Amudaryo havzasi qirg‘oq bo‘yi maydonlari joylashgan. Qolaversa, bu hududlarda degradatsiyaga eng ko‘p uchragan yaylovlar, aksariyati sho‘rlanishga moyil sug‘oriladigan maydonlar mavjud.

Shu bois loyiha ushbu qurg‘oqchil landshaftdagi ko‘llar, botqoq yerlar va qirg‘oq biologik xilma-xilligi qisqarishi va yo‘qolib borishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yerlar degradatsiyasi, suv tanqisligi va biologik xilma-xillik yo‘qolishiga olib keluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan.

Loyiha doirasida umumiy maydoni 3 million gektardan ziyod Janubiy Ustyurt, Beltov, Sudoche ko‘llari tizimi, Oqdaryo-Qozog‘daryo oralig‘i va Akpetki qo‘riqxonasi singari beshta yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish kutilyapti. Bu hududlarning bari mintaqadagi qushlar yashaydigan hududlarni to‘liq yoki qisman qamrab oladi.

Yig‘ilishda loyiha yuzasidan amalga oshiriladigan galdagi vazifalar belgilab olindi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA