Toshkent shahrida Hindistonning “Aakash Healthcare” klinikasi filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, “Aakash Healthcare” klinikasi boshqaruvchi direktori Ashish Chodri va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, nutq so‘zladi. Shuningdek, ochilish marosimida Hindiston Tashqi ishlar va Madaniyat davlat vaziri Minakshi Lekxi hamda mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahadovning ishtirokchilarga yo‘llagan video-tabriklari namoyish etildi.

Poytaxtimizning Uchtepa tumanida ishga tushirilgan mazkur tibbiyot muassasasi 50 o‘ringa ega bo‘lib, unda ilg‘or amaliyotni o‘zida jamlagan ortopediya, pediatriya, endokrinologiya, nevrologiya, fizioterapiya, kardiologiya, ginekologiya, urologiya, umumiy jarrohlik, neyroxirurgiya, stomatologiya va boshqa qator bo‘linmalar faoliyat yuritadi.

Yangi ochilgan klinika mamlakatimiz va mintaqa aholisiga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan birgalikda, respublikamizdagi shifokor va tibbiyot xodimlarini malakasini oshirish, Hindistonning sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan yutuqlarni tatbiq etishni asosiy maqsad qilib belgilagan.

Qayd etish lozim, mazkur loyiha mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Sog‘liqni saqlash hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, “Aakash Healthcare” kompaniyasi rahbariyati bilan so‘nggi ikki yil davomida olib borilgan muzokaralarning amaliy natijasidir.

O‘zA