O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 2023 yilda Yevropa mamlakatlariga eksport hajmini oshirish va tovarlar nomenklaturasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Vladimir Norov raisligida o‘tgan tadbirda sohaga vakolatli vazirliklar, milliy sanoatga ixtisoslashgan korxonalar hamda mamlakatimizning Yevropa davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, 2023 yil Yevropa mamlakatlariga eksport miqdorini ko‘paytirish, jumladan, “GSP+” imkoniyatidan samarali foydalanish hisobiga sotuvni ko‘paytirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni vaqtida, sifatli bajarish maqsadida idoralararo hamkorlikni kuchaytirish zarur.

Vazir Norov buning uchun sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, mavjud imkoniyatlarni birlashtirish muhimligiga, Yevropa davlatlariga sanoat mahsuloti eksporti qiymatini 700 million dollarga, tovarlar nomenklaturasini 600 nomga yetkazish bo‘yicha aniq taklif ishlab chiqish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Muloqot chog‘ida Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi rahbari I.Haydarov, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbari F.Boboyev va Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori D.Sattorov aniq tashabbus bilan chiqdi. Shuningdek, Yevropa mamlakatlaridagi elchilarimiz video konferensiya tarzida bog‘lanib, hududlarda savdoni jadallashtirish yuzasidan takliflar bildirdi.

Germaniya, Latviya, Italiya va Polshadagi elchilarimiz sertifikatlashtirish va standartlashtirish, marketing, kadrlar tayyorlash, elektron tijorat sohalarida mahalliy eksportchilar salohiyatini oshirish uchun yevropalik hamkorlarni jalb qilish imkoniyati xususida so‘z yuritdi.

Yig‘ilishda Yevropa bozoriga mahalliy mahsulot eksporti hajmini, tovarlar xilma-xilligini yanada oshirish yo‘liidagi mavjud to‘siqlar, tegishli muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Tadbir yakunida idoralararo ishchi guruh shakllantirish va aniq chora-tadbirlar belgilash, vazifalarni amalga oshirish mexanizmi va muddatini o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

B.Xudoyberdiyev, D.Ernazarov (surat), O‘zA