Joriy yil 28 noyabrda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Mazkur qonun ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘lgan yer uchastkasi, bino va inshoot, ko‘p yillik dov-daraxt va mulkiy majmua sifatida korxonaga nisbatan taalluqli bo‘lib, yer qa’riga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qonunda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi davlat organlari (Vazirlar Mahkamasi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi) va ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashuvchi vositachilarning vakolatlari aniq belgilab berildi.

Davlat xizmatlari markazi va notariuslar vositachilar bo‘lib, ular huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni qabul qiladi, kadastr organiga yuboradi va kadastr hujjati ko‘chirma nusxasini olib beradi.

– Qonun bilan ko‘chmas mulkka bo‘lgan har bir huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘ladigan hujjatlarning aniq ro‘yxati ko‘rsatildi, – deydi Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’matjon Atamuratov. – Shu bilan birga, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish harakatlarini amalga oshirish tartibi belgilandi. Bunda arizachi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarga qo‘yilgan talablar, ular ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga vositachilar orqali berilishi, ro‘yxatdan o‘tkazish 2 ish kunida amalga oshirilishi ko‘rsatildi. Fuqarolar uchun ko‘chmas mulkni bo‘lish yoki birlashtirish imkoniyati yaratilib, ushbu jarayonlar mulkdor arizasi asosida amalga oshirilishi belgilandi.

Shuningdek, mamlakatimiz ma’muriy-hududiy birliklari o‘zgarganda, ulardagi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mulkdor arizasi talab etilmagan holda bepul amalga oshirilishi belgilandi.

Huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida vujudga keladigan nizolarning qisqa muddatda va bepul hal etilishini ta’minlash maqsadida kadastr, qurilish, soliq organlari xodimlari ishtirokida viloyat darajasida Komissiya hamda respublika darajasida Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.

Komissiya murojaatni 10 ish kunida ko‘rib chiqishi va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni bekor qilish yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni o‘z kuchida qoldirish haqida qaror qabul qilishi belgilanmoqda. Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Shu bilan birga, joriy yil 2 noyabrda “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

Qonunning 41-moddasi bilan Geografik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirishda mazkur geografik ob’ekt joylashgan hududda yashovchi mahalliy aholining fikrini hisobga olish tartibi kiritildi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari geografik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflarni kelib tushganidan keyin muhokama qilish uchun besh ish kunidan kechiktirmay o‘z rasmiy nashrlarida, rasmiy veb-saytlarida, shuningdek ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.

Takliflarning muhokamasini o‘tkazish muddati geografik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflar e’lon qilingan sanadan e’tiboran o‘n besh kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Mahalliy aholi geografik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflarga nisbatan o‘z fikrini og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib bildirishi mumkin.


Shahnoza Mamaturopova, O‘zA