Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda mamlakatimizning 18-64 yoshdagi aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, har kuni aholining uchdan ikki qismi (67 foiz) yetarli miqdorda (400 grammdan kam) sabzavot va mevalar iste’mol qiladi. Ammo aholining yarmi og‘ir vaznli, 20 foizi semizlikdan aziyat chekadi. 46 foiz aholining qonida xolesterin miqdori oshgan.

Shuningdek, o‘rtacha tuz iste’moli kuniga 14,9 grammni tashkil etadi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya etilgan miqdordan 3 baravar ko‘p.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mutaxassisi Botir Sharipov, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi boshqarma boshlig‘i Alisher Dodoyev ishtirokida brifing tashkil etildi.

Ta’kidlanishicha, 10 oy davomida normativ hujjatlar talablariga javob bermagan 3540,8 tonna va 4 ming 623 litr oziq-ovqat mahsulotlari iste’molga yaroqsiz deb topilgan.

Sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishni tashkil qilish borasida iste’molchilarning savodxonligini oshirish, amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bois respublikamizda har yili noyabr oyida sifat haftaligi tadbiri o‘tkaziladi.

Haftalik davomida sifatli va xavfsiz ovqatlanish tamoyillari, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini inson sog‘lig‘i uchun zarari, bolalar va o‘smirlar tomonidan kuchli gazlangan, rangli, shirin hamda energetik ichimliklarning iste’molini tartibga solish bo‘yicha tavsiyalar va boshqa mavzular aks etgan reportajlar, lavhalar tayyorlanadi. Davra suhbatlari, uchrashuvlar o‘tkazilib, jamoatchilikka yetkaziladi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini tasdiqlash maqsadida respublikada ishlab chiqarilayotgan va olib kirilayotgan mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosalar rasmiylashtiriladi.

bugungi kunda ushbu jarayon «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi orqali amalga oshirilib, sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berish elektron shaklda yo‘lga qo‘yilgan.

Sanitariya-epidemiologiya xulosasini rasmiylashtirish jarayonida joriy yilning 10 oy davomida o‘rganish hamda laboratoriya tahlillari natijalari ko‘ra, normativ hujjatlar talablariga javob bermagan jami 3540,8 tonna va 4623 litr oziq-ovqat mahsulotlari iste’molga yaroqsiz deb topilgan hamda belgilangan tartibda yo‘q qilingan yoki qayta ishlangan.

Tadbirda qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi tizimida o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud. Aholi va tadbirkorlarning sanitariya bilimlari va gigiyenik ko‘nikmalari yetarli darajada bo‘lmasligi natijasida ovqatdan zaharlanish holatlari hamon qayd etilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA