Davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.

Akademiyada inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilish madaniyati bilan uyg‘unlashgan yuksak ma’naviy, psixologik, tahliliy va kasbiy sifatlarni rivojlantirishning samarali tizimini joriy etgan holda jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Maxsus kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish va rivojlantirish, sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan dasturlar asosida tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida kadrlar tayyorlanadi, qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi.

Korrupsiyaga hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish sohalarida maxsus o‘quv dasturlari asosida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Jinoyatlarni tergov qilish metodikasi va taktikasini samarali belgilash asosida jinoyat ishlari bo‘yicha mustaqil ish yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol o‘qitish metodlari ta’lim jarayoniga tatbiq etiladi.

Akademiyada o‘qitishning zamonaviy shakllari, pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy tayyorgarlikning huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘liqligini, shu jumladan, masofaviy ta’lim shaklida ta’minlashga qaratilgan o‘quv jarayoni tashkil etiladi.

Prokuratura organlari xodimlarida bilim va ko‘nikmalarni, shu jumladan, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlashni, qonuniylikni ta’minlash yuzasidan adolat va mas’uliyat kabi yuksak tuyg‘ularni shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning yaxlit tizimi yaratiladi.

Yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, huquqni muhofaza qilish faoliyatining eng dolzarb masalalari bo‘yicha kompleks ilmiy tadqiqotlar tizimli asosda, shu jumladan, milliy va xalqaro grantlarni jalb etgan holda amalga oshiriladi.

Jinoyatlar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini, shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari va jinoyat ishlarini o‘rganish asosida ularning alohida turlari kesimida tahlil va diagnostika qilish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati uslubiy va konsultativ ta’minlanadi.

Sud-huquq sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilg‘or pedagogik tajriba almashish borasida uzluksiz xalqaro hamkorlik amalga oshiriladi. Buning uchun o‘quv jarayoniga xorijiy mamlakatlar yetakchi o‘quv va tadqiqot muassasalarining malakali mutaxassislari jalb qilinadi.

O‘zA