Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Tele oray” mahalla fuqarolar yig‘inida 24-oilaviy poliklinikaning yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 apreldagi “2021-2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi sharoiti og‘ir mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy va infratuzilma holati bilan bog‘liq muammolarni hal etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.  Jumladan qaror asosida sog‘liqni saqlash sohasida 8 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.  Mazkur binoda “Gentiklash Qurılıs” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan 3,3 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi.

Yangi oilaviy poliklinika eng so‘nggi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Bu yerda 10 nafar umumiy amaliyot shifokori, 45 nafar  o‘rta tibbiyot xodimi, bundan tashqari, kardiolog, laborant, nevropatolog, pediatr, akusher-ginekolog kabi hududga zarur bo‘lgan tor mutaxassislikdagi shifokorlar faoliyat yuritadi. Zamonaviy qiyofa kasb etgan poliklinikada EKG, UZI, rentgen, fizioterapiya, laboratoriya xonalari tashkil etilgan. Bu xastaliklarni erta aniqlash va samarali davolash imkonini beradi. Endilikda poliklinika jamoasi Nukus shahridagi “Tele oray”, “Altin jag‘is”, “Bo‘z ovul”, “Nao‘qan bag‘” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida istiqomat qiluvchi 18 ming nafardan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

Tadbir ishtirokchilari yangi binoda aholiga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA