Xabaringiz bor shu yilning 13-18 noyabr kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Arab Respublikasining Sharm-el-Sheyx shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasining 27 – yig‘ilishida ishtirok etgan edi.

Unda O‘zbekiston tomoni xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini hamda iqlimga moslashish loyihalarini ilgari surish, cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish uchun mintaqaviy Iqlim Kengashini tuzish tarafdori ekanini ta’kidlagan edi.

Bugun ana shu konvensiya yig‘ilishi yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati vakillari, O‘zGidrometeorologiya xizmati markazi rahbariyati va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda iqlim siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini tushunish, mamlakatlarning uglerod neytralligiga erishish qarori, Markaziy Osiyoda qayta tiklanadigan energiya manbalari, mintaqada iqlim o‘zgarishiga moslashish amaliyotini joriy etish bo‘yicha sa’y-harakatlar, Orolbo‘yi mintaqasi ekotizmini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida bajarilayotgan vazifalar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga mutasaddilar tomonidan javob qaytarildi.

O‘. Alimov, D. Yoqubov (video) O‘zA