Hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda tadbirkorlar, shu jumladan, chet el va mahalliy investorlarga qulay muhit yaratishda kichik sanoat zonalari faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prokuratura organlari tomonidan kichik sanoat zonalarini rivojlantirish va bu boradagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bevosita prokurorlar tomonidan kichik sanoat zonalaridagi tadbirkorlarning 1 ming 159 tasiga ko‘mak ko‘rsatildi.

Jumladan 583 tasiga muhandislik tizimlariga ulanishda, 38 tasiga 213 milliard so‘mlik kredit, 44 tasiga 12 gektar yer maydoni va 10 tasiga bino ajratilishida, 21 tasiga litsenziya va ruxsatnomalar berilishida, 17 tasiga 7,1 milliard so‘mlik ishlab chiqargan mahsulotlarini sotishda hamda 252 tasiga boshqa masalalarda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, 186 loyihaga tashabbuskorlar aniqlanib, 157 tasining faoliyati yangidan yo‘lga qo‘yilishi natijasida mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi.

O‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida aniqlanayotgan qonun buzilishi holatlariga tegishli munosabat bildirilib, ularni bartaraf etish yuzasidan 150 dan ortiq prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi va 548 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sanoat zonalari ishtirokchilarining huquqiy himoyasini ta’minlash borasida qat’iy va tizimli nazorat o‘rnatilgan holda tegishli chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.

O‘zA