«Yoshlarni domiga tortayotgan og‘ular» mavzusidagi ovozli chat

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali «Yoshlarni domiga tortayotgan og‘ular» mavzusidagi ovozli chat davomida kuzatuvchilar tomonidan berilgan savollarga Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi matbuot kotibi Dilbarxon Siddiqova va Sog‘liqni saqlash vazirligi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi mutaxassisi Shuhrat Shukurovlar javob berdi.

— Xorijda tamaki chekmaydigan yoshlarni shakllantirish uchun amaliy ishlar qilinyapti. Bizda-chi?

— Yangi Zelandiyada ma’lum bir yilda tug‘ilgan bolalarga umuman tamaki mahsulotlarini sotib olish mumkin emas, ya’ni taqiqlangan. Misol uchun, 1995 yilda tug‘ilgan bolalarga tamaki sotilmaydi. Bu usul orqali asta-sekin kelajakda tamaki chekmaydigan avlod yuzaga kelishiga erishiladi.

Joriy yilning 25 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining Yalpi Majlisida O‘zbekiston Respublikasining «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi yangi qonuni yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Kelishuv komissiyasining xulosasi hamda ushbu qonun qabul qilindi. Ayni vaqtda Oliy Majlis Senati Kelishuv komissiyasining xulosasini ko‘rib chiqmoqda.

Qonunda jamoat joylarida chekmaslik bo‘yicha yangi normalarni kiritish masalasi ko‘tarilmoqda. Jamoatchilikning har bir e’tibori, nazorati kelgusida qonunchilikni takomillashtirishimizga asos bo‘ladi.

— Tamaki mahsulotlarining xaridorlari ko‘proq yoshlar ekanligini yashirishning hojati yo‘q. Shunday ekan, bu borada xalq ta’limi vazirligi mas’ul xodimlari ham biror amaliy ishni olib boryaptimi? 

— To‘g‘risini aytish kerak, agar men ularning o‘rniida bo‘lganimda, «uxlamas» edim. Tamaki va alkogol mahsulotlari bozorini nazorat qilish bo‘yicha maktab hududlarida olib borgan reydlarimiz davomida ayrim maktab direktorlari befarq bo‘lganini ko‘rdik. Bunday mahsulotlarning sotilishi yoki ommalashishida asosan o‘zimiz sababchimiz. Ommaviy axborot vositalari orqali bu mahsulotlarning zarari haqida ko‘rsatiladi, ammo buning o‘zi yetarli emas. Qaysidir ma’noda tamaki va alkogol mahsulotlarining sotilishiga taqiq qo‘yilishi yoki me’yor belgilanishi kerak.

Xizmat safari bilan xorijda bo‘lganimizda, tamaki mahsulotlari sotiladigan do‘konlar yopiq holda ekanini ko‘rdik. Xaridor do‘konga kirib kelganida, uning yoshi inobatga olinib, qanday mahsulot so‘rasa, uni olib yana ko‘rinmaydigan qilib yopib qo‘yilar ekan. Afsuski, bizda ko‘cha-ko‘yda, do‘konlarimizda eng chiroyli joy-tamaki mahsulotlari sotiladigan joy hisoblanadi. Reydimiz davomida bir hududga borganimizda, mahalla raisi kelganimizni eshitib, darrov yetib keldi. Maktab hududiga yaqin bo‘lgan joyda alkogol do‘koni mavjud va ko‘plab yoshlar maktabdan qaytishda shu do‘kondan xarid qilishar ekan.

«Men dod deyman, lekin hech kim eshitmayapti», deydi oqsoqol. Bunday mahlsulotlar sotilishining oldini olish uchun hali juda ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Bunda jamoatchilik yordami bizga juda zarur.

Suhbatning to‘liq qismini quyidagi video-havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

N. Rahmonova, D. Yoqubov (video), O‘zA