Mamlakatimiz iqtisodiy o‘sishida tahlil va takliflar katta ahamiyatga ega. Bu borada Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti faoliyati muhim hisoblanadi.

Ushbu institut ekspertlari tomonidan barcha sohalar rivoji yo‘lida ko‘rsatkichlar baholab boriladi. Yaqinda ularning tahlili O‘zbekistonning frilans bozoriga kirish imkoniyatlariga bag‘ishlandi.

Tadqiqotda 2015-2021 yillarda O‘zbekistonning frilans bozoriga kirish uchun tayyorlik indeksi hisoblab chiqildi va asosiy natijalar ma’lum qilindi.

“Tadqiq etilayotgan davrda indeks qiymati 43,9 dan 59,9 gacha ko‘tarilgan bo‘lsa, bu vaqt oralig‘ida infratuzilmalarning rivojlanish ko‘rsatkichi 38,0 dan 64,2 gacha oshdi va u indeksning ortishiga eng katta hissa qo‘shdi. Eng katta o‘sish ma’lumotlarni uzatish xalqaro tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik imkoniyati (74,7 marotaba) va masofaviy bank xizmatlari tizimlaridan foydalanuvchilar (jismoniy shaxslar) soni (20,2 marotaba) kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha qayd etildi.

O‘zbekistonning frilans bozoriga kirish uchun tayyorlik darajasiga oliy ta’lim bilan qamrab olishning 3,8 marotaba, internetdan foydalanuvchilar sonining 2,4 marotaba ortishi, provayderlar uchun internet-xizmatlar (tashqi kanal) uchun tariflar qiymatining 86,4 marotaba pasayishi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Upwork frilans platformasi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda frilanserlarga bo‘lgan talabning kattagina qismi  (taxminan 50 foiz) hamon kichikroq va o‘rtacha kapital aylanishiga ega bo‘lgan kompaniyalarning ulushiga to‘g‘ri keladi. Biroq Fortune 500 ro‘yxatidagi (Amazon, Apple, Microsoft, Facebook, PepsiCo va boshqa kompaniyalar) yirik kompaniyalarning 33 foizi o‘z ishini autsorsingga berish uchun frilanserlar birjasiga murojaat qilmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, 2025 yilga borganda global frilans bozorining hajmi 13,84 trillion AQSH dollariga yetadi. Dunyo frilans bozorining tez sur’atlar bilan rivojlanishi unga O‘zbekistonning ham kirishi zarurligidan dalolat beradi. Bu masala qancha uzoq cho‘zilsa, mamlakatimiz shuncha ko‘p imkoniyatni qo‘ldan boy beradi.

Hozirgi vaziyatni inobatga olganda mamlakat hukumati tomonidan frilans bozori faoliyatini faollashtirish va rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi. O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar (frilanserlar)ning huquqiy maqomi yaqinda qonuniylashtirildi va soddalashtirildi.

O‘zbekistonda frilanserlar faoliyatini davlat me’yoriy aktlari bilan qonuniylashtirish uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Mehnat guvohnomalarining joriy etilishi rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan yashirin iqtisodiyotda band bo‘lgan fuqarolarning mehnatini qonuniylashtirishga qaratilgan” deyiladi PMTI tahlilida.

O‘zA