“Caspian Energy Club” – Kaspiy-Qora dengiz va Boltiq bo‘yi mintaqalarida faoliyat yurituvchi, dunyoning 50 davlatidagi 5000 dan ziyod kompaniya va korxonani birlashtirgan, Ozarbayjon, Gruziya va Qozog‘istonda rasmiy vakolatxonasi mavjud yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi.

Mazkur yirik klub a’zolari mamlakatimiz bilan keng ko‘lamli hamkorlik qilish istagini bildirishdi. Bu haqda “Caspian Energy Club” raisi Telman Aliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan kechgan uchrashuvda aytildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bo‘lib o‘tgan tadbirda axborot-kommunikatsiya sohalari, farmatsevtika va to‘qimachilik sanoatida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamkorlik istiqboli muhokama qilindi.

Mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit to‘g‘risida taqdimot o‘tkazilib, tadbirkorlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik ta’kidlandi.

“Caspian Energy Club” va O‘zbekiston Xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi ishtirokida muntazam anjumanlar o‘tkazish, Ozarbayjonning IT-kompaniyalari va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari vakillaridan iborat delegatsiyaning qo‘shma loyihalar yaratish maqsadida yurtimizga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Axborot hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilindi. Jumladan, 19 davlatda nashr etilib, 50-70 ming nusxada chop etilayotgan “Caspian Energy” jurnalida O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatini targ‘ib qilishga kelishildi.

Uchrashuv yakunida sheriklikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik ma’qullandi. Mintaqa ishbilarmon doiralarining respublikamizda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qiziqishi ortib borishi munosabati bilan Toshkent shahrida “Caspian Energy” vakolatxonasini ochish zarurligi tasdiqlandi.

O‘zA